Akademik S.H.Sirojiddinov xotirasiga bag‘ishlangan konferensiya

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida atoqli mashhur matematik olim S.H.Sirojiddinov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Stoxastik tahlilning zamonaviy muammolari” mavzusidagi ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
S.H.Sirojiddinov — fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Davlat mukofotlari laureati, mamlakatimiz va chet ellar matematiklari orasida ehtimollar nazariyasi, matematik statistika va ularning tatbiqlari, matematik analiz, O‘rta Osiyoda matematikani rivojlanish tarixi sohalaridagi tadqiqotlar muallifi sifatida tanilgan.
S.H.Sirojiddinov mohir pedagog va jonkuyar fan tashkilotchisi sifatida mamlakatimiz uchun ko‘plab matematiklarni, jumladan 10 dan ortiq fan doktorlarini va 50ga yaqin fan nomzodlarini tarbiyalab yetishtirgan va yana ham ko‘proq matematik olimlar shakllanishida rahnamolik qilgan.
Konferensiya ishida 100 dan ortiq mutaxassislar, shu jumladan Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon va Gruziyalik 10 dan ortiq olimlar ishtirok etdilar va ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashdilar. Konferensiya ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori akademik Sh.A.Ayupov, akademiklar Sh.K.Farmonov, A.Azamovlar S.H.Sirojiddinovning O‘zbekistonda ilm-fanni rivojiga, yukori malakali kadrlarni yetishtirishga,yoshlar tarbiyasiga, Respublikamizda matematika bo‘yicha olimpiadalarni tashkil etishga qo‘shgan ulkan xissasi to‘g‘risida ma’ruza qildilar.
Konferensiya ishida taniqli olimlardan tashqari Matematika instituning, Respublikamiz OTM larining ko‘plab yosh olimlari, tayanch doktorantlari va O‘zbekiston milliy universitetining matematika yo‘nalishi magistrantlari qatnashdilar va ma’ruzalar qildilar. Shuni alohida takidlash kerakki, bugungi kundagi informatsion texnologiyalar juda katta imkoniyatlarga, qulayliklarga egaligini, olimlarimizni jaxon hamjamiyatiga chiqish imkoniyatlari vujudga kelganini, olimlarimizni chet ellik mutaxassislar bilan bevosita aloqa qila olishini bo‘lib o‘tgan konferensiya yaqqol namoyon qildi. Konferensiya yuqori ilmiy saviyada o‘tdi.