TDYUning ilk stipendiat va ta’lim granti sovrindorlari aniqlandi

Avval xabar qilganimizdek, joriy o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari hamda universitet qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari uchun stipendiya va ta’lim grantlari ajratish rejalashtirilgan edi.
TDYU rektorining buyrug‘iga binoan ilk stipendiat va ta’lim granti sohiblari tasdiqlandi. Nomzodlarni aniqlashda ularning a’lo baholarga o‘qishi, chet tilini puxta bilishi, ijodiy, ijtimoiy va intellektual tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, jamoat ishlaridagi faolligi inobatga olindi.


Hujjatga ko‘ra, Ommaviy huquq fakulteti 2-kurs talabasi Farangiz Eshturdiyeva, Jinoiy odil sudlov fakulteti 3-kurs talabasi Gulira’no Ochilboyeva, Xususiy huquq fakulteti 2-kurs talabasi Yulduzxon Abdusolixova, Xususiy huquq fakulteti 2-kurs talabasi Ziyoda Boratova, Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti 3-kurs talabasi Yulduz Rashidova TDYU stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Ularga sentyabr-iyun oylari davomida bir oylik stipendiya bazaviy miqdoriga nisbatan 50 foiz oshirilgan holda to‘lab boriladi.
Shuningdek, Ommaviy huquq fakulteti 4-kurs talabasi Nilufarxon Maxmudova, Jinoiy odil sudlov fakulteti 4-kurs talabasi Rustamboy Rustamov, Xususiy huquq fakulteti 4-kurs talabasi Islombek Abduhakimov, Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi Xushnazar Jo‘rayev ilk grant sohiblari bo‘ldi.

Ular o‘quv yili uchun belgilangan to‘lov-kontrakt summasining 50 foizidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida TDYU rahbariyati byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan iqtidorli talaba hamda o‘quvchilarni rag‘batlantirishi mumkinligi qayd etilgan.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi