IRODA — ICHIMIZDAGI JAVOHIR

uni tinimsiz sayqallashimiz omadli hayotimiz garovidir
— Bola nega yaxshi o‘qimaydi?
— O‘qish ham mehnat, irodasi kuchli bo‘lmagan bola ilm olish zahmatini ko‘tarolmaydi-da…
***
— Qo‘shningiz biror bir ishning boshini tutmagan shekilli?
— Haaa, sal irodasi sustroq, shuncha ishlarga kirdi, eplolmadi…
***
— Falonchini ichkilik olib ketibdi-da?…
— Ha, juda hokisor inson edi, birovga yomonlik qilmasdi, lekin shu araqdan tiyilishga irodasi yetmadi-da…
***
— O‘g‘lim kun sari televizorga mixlanib qolyapti. Nima qilsam bo‘ladi?
— Avvalo, bolada irodani tarbiyalash kerak, shunda u o‘zini nazorat qila oladi…
***
— Yoshlar qora og‘uning domiga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
— Ularni qaramlik, tobelik va o‘zini tiya olmaslik illatlaridan qutqarish uchun irodani shakllantirish kerak…

Bu suhbatlarning biri bo‘lmasa biri qulog‘ingizga chalingan. Ko‘rinib turibdiki, juda ko‘p muammo va ayanchli oqibatlarning kelib chiqishiga IRODASIZLIK sabab bo‘lgan. Demak, IRODALI inson bo‘lib yetishish uchun nimalar qilish kerak?
Adabiyotlarda irodaga shunday ta’rif beriladi: “Iroda inson xarakterining eng muhim xususiyatlaridan biri bo‘lib, uning yordamida inson hayotida ulkan natijalarga erisha oladi. Iroda inson ichidagi qudratli, bitmas-tuganmas energiya bo‘lib, uni shaxs sifatida ongli ravishda faollashtiradi va kerakli natijaga erishish uchun yo‘naltiradi”.

Iroda tarbiyasi
1960-yilda Standford universitetida iroda bilan bog‘liq tadqiqot o‘tkazilgan. Bu tadqiqotni “Zefir” deb nomlagan. Unda olimlar bir necha yuzlab 4-5 yoshli bolani stol ustida “Zefir” shirinligi bo‘lgan xonaga olib kirishgan va tanlash huquqi berilgan. Ular istasa, shirinlikni yeb qo‘yishi mumkin edi, lekin xonaga professor kelishini kuta olsa, shirinligi ikki barobar ko‘payishini aytishdi. Ya’ni ozroq sabr evaziga bitta emas, ikkita shirinlik yeyishi mumkin edi. Ba’zi bolalar shirinlikni darhol yeb qo‘ygan bo‘lsa, boshqalari o‘zini tiyib, oxirga qadar kuta olgan.
Bir necha yillardan so‘ng o‘smir yoshiga yetgan o‘sha bolalar yana Standford universitetiga taklif qilinib, hayoti va tabiati o‘rganildi. Yoshligida shirinlikni 2 ta bo‘lgunicha sabr qila olgan bolalar hayotining har jabhasida ildamroq edi. Ular yaxshiroq o‘qishar, qiyinchiliklarni osonroq yengib o‘ta oladigan, boshqa odamlar bilan yaxshi kelishadigan o‘smirlar edi.
Demak, irodali bolalar muvaffaqiyatliroq, hayotda ko‘proq narsaga erisha olar ekan. Albatta, bolalar tabiatan irodali bo‘lishi mumkin, lekin hammasi ham emas. Biroq “Bolam irodasiz”, deb osongina yengilish o‘rniga irodasini tarbiyalash uchun kirishish muammoga yechim bo‘ladi.
Demak, avvalo bolani o‘z-o‘zini boshqarishga o‘rgatamiz:
1. Muzlatkichda kolbasa mahsulotlari ko‘p bo‘lishiga qaramay uni faqat nonushtada yeymiz, kun davomida yemaymiz yoki shirinliklarni faqat tushlikdan so‘ng yeymiz degan talabni qo‘yamiz. Bola bu tartibga birdan amal qilishi qiyin, lekin bir oy davomida shu usul orqali irodaning “o‘zini cheklash” yo‘nalishi bo‘yicha natijaga erishish mumkin.
2. Noqulayliklarga qaramay harakat qilishga o‘rgatamiz. Ya’ni kun sovuq bo‘lishiga qaramay, issiqqina uyga kirib olish o‘rniga, hovlida yumushlarni bajaramiz. Bu bolani chidamlilikka o‘rgatadi.
3. Kundalik reja tuzamiz va hamma belgilangan ishlar shu kuni bajarilishini nazorat qilamiz. Biron bir ishga ulgurmay qolgan bo‘lsa, “Mayli bugun charchading, ertaga qilasan”, deb emas, balki “Ertaning ham o‘z ishi bor, bugungi ish bugun bajarilishi kerak”, deb boladan talab qilinadi. Bunda irodaning qat’iyat yo‘nalishi tarbiyalanadi va bola o‘zining oldidagi mas’uliyatini tobora his qila boshlaydi.
4. Bolaning bir xil vaqt rejimida uxlab, uyg‘onish grafigini tuzamiz. Xohlagan paytda uxlab, xohlagan paytda turish bolaning tizimli kun tartibiga ega emasligini ko‘rsatadi. Bu irodaning tartibli bo‘lish yo‘nalishiga tegishli.
5. Albatta, bolaning hayotida sportga o‘rin ajratamiz. Chunki badantarbiya nafaqat bolaning tanini, balki ruhini ham chiniqtirib, chidamli qiladi. Bu yo‘l bilan irodaning chidamlilik yo‘nalishini shakllantiramiz.
6. Biron bir qiyin ishga bolani jalb etamiz. Uning lug‘atidan “Qila olmayman”, “Bunga kuchim yetmaydi”, degan iboralarni “o‘chiramiz”. Buning uchun o‘zimiz o‘rni kelganda yordam beramiz va har qanday mushkul vazifani ham bajarish mumkinligiga ishonch uyg‘otamiz. Bunda irodaning ishonch yo‘nalishi rivojlanib boradi.
Mana shunday oddiy, hayotiy vazifalarni bajarishda tartibga rioya qilish orqali sekin-astalik bilan iroda tarbiyalanib boradi. Biroq yana bir guruh olimlar fikricha, iroda boshqalarning bosimi ostida emas, balki insonning o‘z sa’y-harakati bilan tarbiyalanadi. Eksperimentlar ko‘rsatdiki, boshqalar nazorati ostida biror yumush qilishga majbur bo‘lganlar ko‘proq boshqariluvchi toifaga aylanib qoladi. Shu sabab, qoidalarni bola o‘z xohishi bilan bajarishiga erishishimiz muhim.

Oilaviy suhbatlarda foydalanish uchun samarali usullar
1. Irodaning hayotida keltirishi mumkin bo‘lgan foydalari haqida, irodaning zaif bo‘lishi insonlarni qanday ahvolga solganligi va solishi mumkinligi haqida misollarni keltiramiz.
2. Sabr qilish ortidan yaxshiroq natijalarga erishganlar to‘g‘risida hayotiy misollar keltirish: sportchilar, qiyinchilik bilan yuqori natijalarga erishgan biznesmenlar hayotidan.
3. Irodasi va bardoshi tufayli musobaqada yutgan, maktabda yaxshi baho olgan, biror uy yumushini qoyilmaqom qilib bajargan farzandingizni olqishlang.
4. Ertalab bergan va’dasini bajargan, o‘z so‘ziga mas’uliyat his qilganlarni maqtash esa keyingi yutuqlar uchun motivatsiya bo‘ladi.
5. Bolalarimizni doimo himoya qilishni xohlaymiz, xato qilganida, qiyinchiliklarga duchor bo‘lganida, hatto maktabda do‘stlari bilan tortishib qolganida yoki yomon baho olganida muammolarini osonlashtirishga harakat qilamiz. Lekin afsuski, shu orqali ularning irodasi susayishiga sababchi bo‘lib qolishimiz mumkin. Shunday ekan, ular muammolarni o‘zi yechishi uchun kuch topishiga turtki beraylik.
Hayot kurashdan iborat ekan, bu kurashdan mazmun va rohat topib yashashning shukuhi boshqacha. Ana shu shukuhga irodamizni sayqallab erishishimiz mumkin.

Nasiba ERXONOVA,
Chirchiq davlat pedagogika instituti magistranti