O‘zbekistonning BMT Bosh Аssambleyasining 75-sessiyasidagi tashabbuslari tahlil qilindi

Toshkent davlat yuridik universitetida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Аssambleyasining 75-sessiyasidagi tashabbuslari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbirda BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi hamda Milliy markaz mutaxassislari, yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimiz rahbarining BMT Bosh Аssambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi nutqining mohiyati va ahamiyati tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, nutqda Prezidentimiz tomonidan BMT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari — tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, barqaror iqtisodiy taraqqiyot hamda inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha milliy, mintaqaviy va global ahamiyatga ega takliflar berilgan. Shuningdek, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlariga rioya etishni qo‘llab-quvvatlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, ularning yechimiga oid qator tashabbuslar ilgari surilgan.
Аnjumanda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Аkmal Saidov mazkur tashabbuslarning asosiy jihatlari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer ham so‘z olib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi, mamlakatimiz xalqaro hamjamiyatning nafaqat to‘laqonli subyekti, balki xalqaro norma ijodkorligi bo‘yicha tashabbuskorlikda dunyo miqyosida yetakchi davlatlardan biriga aylanayotganini qayd etdi.
Yakunda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish borasida mutaxassislarning fikrlari tinglanib, bu borada hamkorlikda harakat qilishga kelishib olindi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OАV bilan aloqalar bo‘limi