2012-yilning iyun oyi, yakshanba kuni edi. Uy telefonim jiringlab qoldi: “Zudlik bilan Akademiyaga yetib keling! – dedi navbatchi ofitser. – O‘quv dala poligonida ofitserlar bilan O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning uchrashuvi bo‘ladi”…
O‘sha kuni uyimizda tumonat mehmon — qizim Nozimaning unashtirish marosimini qilyotgan edik. Bo‘lg‘usi qudalarni kuzatdim-da, xizmat kiyimini kiyib, IIV Akademiyasida hozir bo‘ldim. Darvoza yonida novvot rang “Lasetti”, yonida ustoz va bir necha ofitserlar turgan ekan. Men ustoz bilan har doimgidek harbiycha salomlashdim: “Assalomu alaykum! O‘rtoq marshal!”. Abdulla aka: “Iya, general To‘lqinjon keldi-ku, vaaleykum assalom!”, dedi. Men u kishini hamisha “marshal” derdim. Chunki Davlat madhiyasini yozgan shoir, albatta, marshaldan ham katta unvonga loyiq. O‘zim podpolkovnik bo‘lsam ham, ustoz meni doyim suyib, “general” derdi. “Unaqa demang, boshliq eshitib qolsa, xafa bo‘ladi”, desam, “Xech nima bo‘lmaydi, siz meni marshal deysiz, men ham sizning unvoningizni ko‘tarib qo‘yay”, derdi ustoz hazillashib. Ustozning kayfiyati yaxshi edi. Demak, uchrashuv juda yuqori saviyada o‘tadi.
Men ustozning kayfiyatiga alohida e’tibor berganimning sababi, o‘sha vaqtda madhiyamiz muallifi noma’lum sababga ko‘ra chekkaga surib qo‘yilgandi. Bir gal ustozimiz Tohir Malik aytdiki: “To‘lqinjon, Abdulla akam yolg‘izlanib qoldilar. Iloji bo‘lsa, tez-tez uchrashuvlar tashkil qiling. Uyda o‘tirib qolmasinlar, sizdan iltimosim shu! Bu buyuk odam, hozir qadrlariga yetishmayapti, lekin keyin kech bo‘ladi”. Tohir aka biz bilan bitta kafedrada ishlardi. Shu bois men Abdulla Oripov bilan IIV Akademiyasida tez-tez uchrashuvlar o‘tkazib turardim…
O‘quv-dala poligoni tomon yo‘lga tushdik. Poligonda uchrashuvga juda katta tayyorgarlik ko‘rilgan ekan. Hamma joyda tantanavorlik va ulug‘vorlik shukuhi sezilib turardi. Uchrashuvda yana qator iste’dodli shoirlar, mutasaddi rahbarlar ham ishtirok etayotgandi.
Uchrashuv boshlandi. Men tadbirni ochar ekanman, yig‘ilganlarga adibni yana bir bor tanishtirar ekanman, alohida ta’kidladim: “Bugun tadbirimizga XX–XXI asr o‘zbek she’riyatining eng yirik vakili O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovni taklif qilganmiz! Bu inson yer yuzida sanoqli shaxslarga nasib qilgan baxt sohibi — 33 million aholimiz har tongni uning so‘zlari bilan kutib olib, tunni uning so‘zlari bilan qarshilaydi”…
Ustoz minbarga yaqin kelib, yana iltifot qildilar: “To‘lqinjonni anchadan beri taniyman. Lekin hozir umuman boshqa To‘lqinjonni kashf qildim. Men shu vaqtgacha uni ukam, shogirdim deb yurar edim. Endi qarasam, xato qilgan ekanman, bu bola mendan ham o‘tib ketibdi. Bundan keyin men uni To‘lqinjon emas, To‘lqinjon aka deyman. Shu ondan boshlab, men unga ustoz emas shogirdman”. U kishi munosib izzat-ikromdan quvonib, beixtiyor ko‘zlariga yosh oldi.
Uchrashuv nihoyatda samimiy, qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbirda Zikirillo Ne’mat va Rustam Musurmon so‘zga chiqib, adibning she’rlari xususida fikr bildirdi. Beruniylik kapitan G‘ayrat Abdullaev shoirning “Ona” monologini qiyomiga yetkazib aytib berdi. Abdulla aka bundan juda ta’sirlandi. Uchrashuv qariyb 5 soat davom etdi. To‘g‘ri-da, Davlat madhiyasining muallifi bilan har kuni ham uchrashuv bo‘lavermaydi. Ustozdan: “Charchamadingizmi?”, deb so‘rasam, “Anchadan beri bunday mazza qilmagandim. Qaytaga, dam oldim. Ofitserlar umuman boshqa toifa odamlari bo‘lishadi, men ularni yaxshi ko‘raman!”, degandi ustoz.
Ha, Abdulla aka bebaho inson edi.
Mehribon ustozimni doim yod olaman, u jisman oramizda bo‘lmasa-da, o‘gitlari, nasihatlari doim biz bilan…

To‘lqin SAYDALIYEV,
Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti dotsenti, iste’fodagi podpolkovnik