O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatga olinmoqda

Bugun mamlakatimizda bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish, fuqarolarning bandligini ta’minlash ustuvor vazifa sanaladi. Ayniqsa, pandemiya sharoitida aholi daromadlarining barqaror bo‘lishi uchun ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori fikrimiz isbotidir.
Mazkur qaror asosida xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, maishiy xizmatlar, axborot kommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ijtimoiy yo‘nalishlardagi xizmatlar sohasida yakka tartibda faoliyat olib borayotgan fuqarolar daromad solig‘idan ozod etiladi. Endilikda ular faqat pensiya jamg‘armasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. Bu kabi chora-tadbirlar yurtimizda yashirin iqtisodiyotni kamaytirish va o‘z kasb-hunariga ega bo‘lgan fuqarolarning qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlaydi.
Bugungi kunda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yhatiga 67 ta kasb kiritilgan. Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan ana shunday kasb-hunar egalarini ro‘yhatga olish ishlari davom etmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilning 1-iyulidan 25-avgustiga qadar o‘zini o‘zi banda qilgan fuqaro sifatida 50 ming nafardan ziyod poytaxtliklar ro‘yxatga olingan.
Yo‘nalishlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak:
• Xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida 13 ming 3 nafar;
• Maishiy xizmatlar sohasida 17 ming 853 nafar;
• Axborot-kommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar sohasida 1 ming 867 nafar;
• Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar sohasida 911 nafar;
• Sanoat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar sohasida 8 ming 946;
• Ijtimoiy yo‘nalishlardagi xizmatlar sohasida 7 ming 497 nafarni tashkil etmoqda.
— O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun davlat soliq idoralari ro‘yxatidan o‘tish tekin, — deydi Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi katta inspektori Mirtolib Sunnatov. — Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida mobil ilova ishlab chiqildi. Mazkur ilova yordamida hech qanday qiyinchiliklarsiz, tezda ro‘yxatdan o‘tish va guvohnoma shakllantirilishi ta’minlandi. Jarayonga oid qaror imzolangandan so‘ng davlat soliq xizmati organlari tomonidan aholi bilan bir qancha targ‘ibot ishlari olib borildi.
O‘zini o‘zi band qilib, tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan fuqarolar soliq organlarini “Soliq” mobil ilovasi orqali quyidagi tartibda ogohlantiradi: dastlab mobil ilova telefonga yuklab olinadi, keyin ilovadan “O‘zini o‘zi band qilish” bo‘limi tanlanadi. So‘ng jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritiladi. Yoki elektron raqamli imzo kaliti orqali shaxsni tasdiqlash mumkin. (Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami fuqarolik pasportida mavjud. Agar jismoniy shaxs shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlay olmasa, “Soliq” mobil ilovasining “Yordam kerakmi?” bo‘limiga murojaat qilish lozim).
Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilgandan so‘ng navbatdagi “Shaxsini tasdiqlash” oynasi ochiladi. Unga telefon raqami kiritiladi va ushbu telefon raqamiga SMS tarzida tasdiqlash kodi yuboriladi. Tasdiqlash kodi kiritilgach, “Ro‘yxatdan o‘tish” bandi tanlanadi. Kiritilgan ma’lumotlar asosida elektron ariza shakllanadi. Agar fuqaroning elektron raqamli imzo kaliti bo‘lsa, unda “ERI orqali ro‘yxatdan o‘tish” bandi tanlanadi. Bunda jarayon birmuncha tezroq amalga oshadi. Ochilgan ariza oynasida ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan faoliyat turini tanlang. Agar lozim bo‘lsa, bir nechta xizmat turini tanlash mumkin.
Shundan so‘ng ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan faoliyat joyi (tuman shahar)ni tanlang. Kiritilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib bo‘lgach, “Ro‘yxatdan o‘tish”ni tanlang. So‘ng, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kodga ega ma’lumotnoma shakllanadi. QR kodli ma’lumotnomani xohishingizga ko‘ra yuklab olilingiz yoki qog‘oz shaklida chiqarib olishingiz mumkin. Buning uchun “Ma’lumotnoma” oynasidagi “Ko‘rish” yoki “Yuklab olish” bo‘limini tanlash lozim.
Ko‘rsatilgan barcha harakatlar tugagach, “o‘zini o‘zi band qilgan” maqomini rasman ro‘yxatdan o‘tkazish tugatiladi — qonuniy faoliyat uchun imkoniyat faollashadi.
“Ma’lumotnoma” oynasida ro‘yxatdan o‘tish bilan birga 2020-yil uchun ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida (111 ming 500 so‘m) to‘lash imkoni mavjud. Buning uchun tegishli savolning “Ha” bo‘limini tanlash va paydo bo‘lgan oynadagi so‘rov bo‘yicha plastik karta raqami hamda muddatini kiritish lozim. Ijtimoiy soliqni ixtiyoriy elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirish mumkin.
— Men 5-6 yildan buyon etikdo‘zlik bilan shug‘illanaman, — deydi Abror Otaboyev. — Oldin soham bo‘yicha patent ochgan edim. Lekin ish staji hisoblanmas edi. Yangi qaror men kabi fuqarolarga qulaylik yaratdi. Oldingiga nisbatan to‘lov summalari ham arzon. Bundan tashqari, ish staji ham yozib borilar ekan. Bu kelgusida nafaqa olishda qo‘l keladi. Qarordan kelib chiqib faoliyatim uchun bir yilda 222 ming so‘m to‘lovni amalga oshiraman. Eng yaxshi tomoni shundaki, daromad solig‘i to‘lamayman.

Ma’mura XUSINOVA