Karantinda ta’lim: bolalarimiz uzoq tanaffus ta’siridan chiqa oladimi?

Atrofda bo‘layotgan har bir voqea-hodisa insonga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ayni paytda yurtdoshlarimiz ham sinovli kunlarni boshidan o‘tkazmoqda. Pandemiya ko‘plab ishlarni, rejalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. Daromadlarning kamayishi, biqiq muhit ba’zi hollarda oilalarda salbiy vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Bundan, ayniqsa, farzandlarimiz aziyat chekib, ruhiyatida o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Buning oldini olish uchun farzandlarimiz e’tiborni kuchaytirishimiz lozim.
Karantin tufayli yuzaga kelgan uzoq tanaffusni mazmunli o‘tkazishga intilish, shukr qilish, sabr qilish, do‘stlar, ustozlar mehrining qadriga yetish kabi tushunchalarning shakllanishi oiladagi muhitning ijobiyligidan darak beradi.
Ta’limdagi uzoq tanaffusdan keyin dars mashg‘ulotlariga qaytish bolalarda turlicha o‘y-fikrlarni keltirib chiqardi. Ba’zi ota-onalar “Bolani maktabga yuborib biroz bo‘lsa-da uyda tinchlikni saqlayman, bahonada hordiq chiqaraman”, deb mas’uliyatni ustozga yuklab qo‘yishi katta xato hisoblanadi. Bolaga avvalo uydagi muhit ta’sir qiladi. Tashqi muhit esa ikkinchi darajalidir. Bola uyda otirgan holda onlayn ta’lim oladimi yoki maktabga chiqadimi, baribir ota-onaning qaynoq mehrini his etib turishi zarur. Toki, bolada “Ota-onamning joniga tegdim, maktabga chiqsam, ular mendan qutiladi”, kabi o‘y-fikr tug‘ilmasin.
Qanday vaziyat bo‘lmasin, nechog‘lik qiynalmaylik biz, kattalar o‘zimizni qo‘lga olib, irodali bo‘lishimiz, salbiy holatlarni farzandimizga oshkor qilmasligimiz kerak. Chunki ayrim bolalar bu vaziyatga o‘zini aybdor hisoblaydi.
Oiladagi rejasizlik bolalarga qattiq ta’sir qiladi. Ya’ni buyruq ohangida “Darsingni qil”, “Kitobingni o‘qi”, deb emas, balki “Darsliklaringni olib chiq, ikkalamiz birga dars tayyorlaymiz” yoki “Qani o‘g‘lim (qizim), qaysi fandan dars tayyorlayapsan, tushunmaganlaring bo‘lsa ayt, yordam beraman”, deb samimiy munosabatni yo‘lga qo‘yish ijobiy natija beradi. Bu bilan bola “Ota-onam men bilan, ular meni yaxshi ko‘radi”, deb xotirjamlikni his etadi, dangasalikka berilmaydi, tushkunlikka tushmaydi.
Ota-onalar qatorida o‘qituvchilarga ham mas’uliyat yuklanadi. Darrov darsni boshlamay, o‘quvchi bilan suhbatlashish, ular bilan do‘stlashib, ruhiyati bilan qaytadan tanishish talab etiladi. O‘qituvchilardan “Nega dars qilmading”, “Hali ham o‘sha ahvoldasan”, “Dars tayyorlashingga shuncha vaqt yetmadimi?!” kabi buyruq ohangidagi so‘roqlarni bir muddat chetga surib qo‘yishlarini so‘ragan bo‘lar edim. Sababi bola uzoq tanaffusdan keyin ancha tushkunlikka tushgan, zerikkan bo‘lishi yoki vaktabga borishni oldingidan ham ko‘proq istagan bo‘lishi mumkin. Bolalardagi darsga qiziqish oldingidan farq qilgani bois uni maktabdan uzoqlashtirishga sabab bo‘ladigan munosabat yuzaga kelmasligi kerak. Buning uchun o‘qituvchi o‘zining ruhiy immunitetini ko‘targan holda, har bir jarayonga chiroyli kayfiyat, ajoyib energiya bilan kirishishi lozim. Chunki o‘qituvchining yuz ko‘rinishidagi holati, shijoati farzandlarimizning ruhiyatiga ta’sir etadi. Dars boshlashdan oldin o‘quvchilarni, ular bilan o‘tgan qiziqarli darslarni sog‘inganini, dars tugaganda esa “Ertaga hammangizni kutib qolaman, o‘zingizni asrang”, kabi so‘zlar bilan xayrlashish o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi to‘siqlarni olib tashlaydi.
Har bir taqiqlangan narsa, hodisa bolalar uchun qiziq tuyiladi va aynan o‘sha ishni bajarishga harakat qiladi. Bunda kim aybdor? Ota-onaning bolaga vaqt ajratmasligi, tushuntirish ishlarini yo‘l-yo‘lakay, nomiga o‘tkazish natijasida bolada befarqlik, loqaydlik yuzaga keladi. Ota-ona yarim pedagog bo‘lishi lozim. Mavzud vaziyatni yotig‘i bilan, bola tilidan gapirib tushuntirish zarur. Turli hayotiy misollar, rasmlar orqali aytilgan gaplar bolaga ko‘proq ta’sir o‘tkazadi. Ana shunda bolada “Men o‘zimni ehtiyot qilishim kerak, mana shu qoidalarga amal qilsam, menga ham, ota-onamga ham yaxshi bo‘ladi”, kabi o‘y-fikrlar shakllanishi va har bir jarayonga mas’uliyat bilan yondashadi.
Unutmangki, hayotimizdagi har bir voqea-hodisani bola ota-onasidan batafsil eshitsa, to‘g‘ri tushunib, xulosa qila olsa, tashqi muhitdagi noto‘g‘ri fikr-mulohazalarga e’tibor bermaydi.
Bundan tashqari uyda ota-ona, maktabda o‘qituvchilar bolada orzu va maqsad qilish ko‘nikmasini shakllantirishi kerak. Kimgadir havas uyg‘otish natijasida unga o‘xshashga harakat qilishi va buning uchun yaxshi o‘qib, barchaga namuna bo‘lishini uqtirish lozim.

Zilola TO‘LAGANOVA,
Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaz psixologi