EKOLOGIYA YO‘NALISHIDA XORIJIY HAMKORLIK

Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga 2020-2021 o‘quv yili uchun imtihon natijalari e’lon qilinib, yangi o‘quv yili boshlandi. Ayrim xorijiy universitetlarga esa qabul uchun imtihonlar davom etmoqda. Ayni kunlarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan A.Saxarov nomidagi Xalqaro davlat Ekologiya instituti hamkorligidagi ta’lim yo‘nalishlari uchun imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakulteti dekani, professor To‘xtasin Abdurahmonovning ma’lumot berishicha, 2019-2020 o‘quv yilida Belarus Davlat universiteti qoshidagi A.Saxarov nomidagi Xalqaro davlat Ekologiya instituti bilan hamkorlikdagi qo‘shma dastur asosida Tibbiy biologik ish va Tibbiyot ekologiyasi yo‘nalishlarida qo‘shma dastur asosida ta’lim yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘tgan yili birinchi qabul bo‘yicha har bir yo‘nalishda 25 nafardan jami – 50 nafar talaba o‘qishga qabul qilingan. Talabalar 2+2 sxema asosida, 1-2-bosqich talabalari dastlab, O‘zbekistonda ta’limni boshlasa, 3-4-bosqichni Belarussiyada davom ettirishadi. Mazkur yo‘nalishda ta’lim olishning afzalligi bitiruvchilarga 2 ta oliy o‘quv yurtining diplomi beriladi.
2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar 15 avgustga qadar 2 yo‘nalish bo‘yicha hujjatlarini onlayn topshirishdi. 2 oktyabr sanasidan boshlab, imtihonlar boshlandi. Hozirgi karantin sharoitidan kelib chiqqan holda 2-5-6 va 7-oktyabr kunlari 20 nafar abituriyentdan belgilangan soatlarda imtihon olindi. Abituriyentlar biologiya, ximiya fanlaridan rus tilida imtihon topshirishdi.
O‘zMU Axborot xizmati