Rektor talaba-qizlarning uyiga borib tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi farmoniga ko‘ra oliy ta’lim muassasasida o‘qish niyatida bo‘lgan xotin-qizlar uchun qo‘shimcha kvota ajratish belgilangan edi. Joriy yilning o‘zida 940 nafar qo‘shimcha kvota bo‘yicha davlat granti asosida xotin-qizlar talaba bo‘lishdi.
Ana shunday imkoniyatdan foydalangan qizlarning 16 nafari davlat granti asosida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi baxtiga erishishdi.
Universitetimiz rektori Gulchehra Rixsiyeva hamda professor o‘qituvchilar bilan birgalikda ushbu imtiyoz orqali talabalar safiga qabul qilingan qizlarni tabriklash maqsadida Toshkent shahrida istiqomat qiladigan Zarnigor Abdusamatova, Zilola Adhamova, Gulfayruz Yo’ldosheva, Milana Yusupova xonadonlariga borildi.
— 5 yil deganda talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim, — deydi Zarnigor Abdusamatova. — Men, albatta, berilgan bunday imkoniyatdan unumli foydalangan holda, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. O‘z qobiliyatlarimni ko‘rsatib, sidqidildan o‘qishga, tanlagan yo‘nalishim bo‘yicha olimalik darajasiga erishishga va’da beraman. Ustozlarimizning tashrifi menga katta motivatsiya bo‘ldi. E’tibor uchun rahmat.
Tashrif davomida talaba bo‘lgan qizlarga universitetda nashr etilgan kitoblar jamlanmasi hamda maxsus tabriknoma topshirildi.