Assalom, O‘zMU!

Bugun pandemiya sabab o‘tgan o‘quv yilining mart oyidan buyon ta’limni onlayn shaklda davom ettirgan O‘zbekiston Milliy universiteti karantin talablariga rioya qilgan holda tanishuv darslarini boshladi.
Yoshlar hayotidagi muhim burilish va yangi bosqich, ya’ni talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston Milliy universitetiga kelishdi. Ularni dunyo tan olgan akademiklar, professor–o‘qituvchilar tantanali ravishda kutib olishdi. Universitet rektori, professor Avazjon Maraximov talabalarga oq yo‘l tiladi. Tanishuv darslarida asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi talabalar ishtirok etishdi. Shuningdek, o‘z ixtiyoriga ko‘ra universitetdagi talabalar uchun yaratilgan shart-sharoit, ta’lim jarayonlari bilan tanishish maqsadida bir guruh Respublikamizning olis tumanlarida istiqomat qiluvchi ota-onalar ham kelishdi.
Dastlab, birinchi kursga qabul qilingan talabalarni fakultetlarda tantanali ravishda kutib olish marosimi tashkil etildi. So‘ngra tanishuv rejasiga ko‘ra talaba yoshlarga universitet va fakultetlar faoliyatiga doir videoroliklar namoyish etildi. Unda O‘zMU tarkibiy tuzilmasi, ta’lim yo‘nalishlari, fakultetlar va kafedralar tarkibi, o‘quv-ilmiy , ma’naviy –ma’rifiy ishlar bilan tanishtirildi.
Tanishuv darslari bilan bir paytning o‘zida parallel ravishda universitetga tashrif buyurgan ota-onalarga dars jarayonlari uchun universitetda yaratilgan sharoitlar yaqindan tanishtirildi.
Avezova Zulfiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani – “Mening qizim Hamroyeva Komila O‘zMU ga grant asosida qabul qilindi. Men yoshlikdan oliy ma’lumot olishni, dunyo kezishni, ovuldoshlarimga dunyoning naqadar keng, mamlakat va yurt istiqboli porloq bo‘lishini ko‘rsatish bo‘lgan edi. Mana bugun ko‘ring-ki, Prezidentimizning tashabbuslari bilan bizga qo‘shni bo‘lgan Mo‘ynoq tumanida biz orzu qilgan islohotlar amalda ro‘yobga chiqdi. Men bu olib borilgan islohotlarni chin manoda xaqiqiy renessans deb atagan bo‘lardim. Farzandim bugun mening yoshlik orzularimni ro’yobga chiqaradigan kun ham yetib keldi. Qizim timsolida men Qoraqalpoq istiqbolini ko‘raman va bu borada universitet yoshlarimizga shunday ta’lim berishiga to‘liq ishonaman”.

Hamroyeva Zulfiya, Andijon viloyati – “O‘zim yoshligimdan jurnalist bo‘lishni orzu qilgandim. Taqdir taqazosi bilan adabiyot o‘qituvchisi bo‘ldim. Mening nazarimda adabiyot so‘z san’ati bo‘lsa, jurnalistika so‘z siyosatidir. Man shu siyosat alifbosini o‘rgatadigan bu dargohga qizim o‘qishga qabul qilindi. Men bugun juda ham baxtli onaman. Bizni universitet mas’ullari tanishuv darslariga taklif etishdi. Farzandimiz ta’lim oladigan auditoriyalarni ko‘rdik. Xonalar yorug‘ va shinam. Barcha imkoniyatlar yaratilgan ekan. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan ekan. Buning uchun universitet rahbariyatidan minnatdorman. Ko‘nglimiz xotirjam tortdi. Kafedralarning professor-o‘qituvchilari va dekanat xodimlari bilan tanishdik, suhbatlashdik.
O‘zMU dagi professor-o‘qituvchilar respublikadagi barcha viloyatlarda tanishuv va haftalik mashg‘ulotlar olib borishmoqda. Mashg‘ulotlar davomida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’lim to‘g‘risidagi Qarorlarining ijrosi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov va O‘zMU rektori Avazjon Maraximovning 1-kurslarga tabrigini yetkazishdi. Respublikamiz, O‘zbekiston Milliy universitetida olib borilayotgan islohotlar, kredit-modul tizimi, onlayn o‘qitish tartibi haqida ma’lumotlar berishdi.

P.S. O‘zMUdagi tanishuv darslari 14-17 oktyabr kunlari Respublikaning barcha hududlarida sayyor guruhlar tomonidan jadval asosida olib borilyapti. Quyida O‘zMU professor -o‘qituvchilarining viloyatlar va Qoraqalpog‘iston respublikasida olib borgan mashg‘ulotlaridan fotoreportaj.

O‘zMU Axborot xizmati