Ona tili – millat ko‘zgusi

Ona tili har bir xalqning o‘zligi, milliy qadriyati, o‘tmishi va kelajagini o‘zida ifoda etadi. Uni e’zozlagan xalq o‘zligi, g‘ururi, borlig‘i, birligini asrab-avaylagan bo‘ladi. Millatning bosh belgisi ham ona tilidir.
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan joylarda ona tili rivoji, uni yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ma’rifiy tadbirlar, ilmiy anjumanlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tdi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakultetining “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan “Ona tili — millat ko‘zgusi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy onlayn anjuman “O‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari”, “Davlat tilining sohalarda qo‘llanilishi”, “Davlat tili va uning nufuzi”, “O‘zbek va sharq tillarining qiyosiy tadqiqi va solishtirma tilshunoslik” kabi mavzularda sho‘balarga bo‘lingan holda tashkil etildi.
Tadbirda professor-o‘qituvchilar, olimlar, adabiyotshunoslar, davlat va jamoat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqotchilar, Akademiya o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdi.
— Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiy, — deydi Shuhrat Yovqochev. — O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida keng jamoatchilikning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinishi muhim tarixiy voqea bo‘ldi.
Konferensiya davomida “O‘zbek tili tarixida “nutq” va “yozma adabiy til” tushunchalarining ifodalanishi”, “O‘zbek lingvomadaniyatshunosligining dolzarb masalalari”, “Alisher Navoiyning o‘zbek tilidagi badiiy adabiyot uchun harakatlari”, “O‘zbek va turk tillaridagi -gan/mis shaklli fe’llar”, “O‘zbek tili – mening ham ona tilim!”, “Uy hayvonlari nomi asosida shakllangan o‘zbek xalq maqollarining lingvistik asoslari”, “Istiqlol yillarida so‘z talqini masalalari”, “O‘zbek tilida neyming va uning me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish muammolari”, “O‘zbek tilining turkiy tillar orasida tutgan o‘rni va mavqei”, “Davlat tilining tarixiy va siyosiy ahamiyati xususida” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ona tilimiz imkoniyatlaridan unumli foydalanish, uning boy til ekanini targ‘ib qilish zarur. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir. Millatning taraqqiy etishi, dunyo sahnasida rivoj topishida ham aynan ona tili muhim rol o‘ynaydi.
Mazmunli o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ona tilimiz sofligini asrash, uning rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish, keng imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish lozimligi ta’kidlandi. Bu borada hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi aytildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati