“ONA TILIM – JONU DILIM”

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarliklari ostida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini tiklash borasida tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz joriy yil 23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani bu boradagi sa’y-harakatlarga keng yo‘l ochib, o‘zbek tilining nafaqat respublikamizdagi, balki jahondagi nufuzini yanada mustahkamladi.
Bu yil ilk marotaba respublikamizda 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Ona tilim — jonu dilim” mavzusida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri, taniqli shoir Sirojiddin Rauf, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Bobur Bobomurod, FVV Birlashgan tahririyati bosh muharriri Azamat Suyunov, Favqulodda vaziyatlar vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bahodir Valiyev hamda Akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘z olganlar ona tilimizning o‘ziga xosligi, davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish borasidagi islohotlarga to‘xtalib, har bir vatan farzandi o‘z ona tilini sevishi, uning qadr-qimmatini tiklashda faol ishtirok etishi zarurligini ta’kidladi. Ona tilini ulug‘lovchi she’rlar o‘qildi.
Tadbir so‘ngida kursantlar ham so‘z olib, el ardog‘idagi shoirlarning ijod namunalaridan yod aytdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldi.Tadbir barchada katta taassurot qoldirdi.

Farhodjon XOJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi o‘qituvchisi, kapitan