O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan respublikamiz bo‘ylab ona tili rivoji, uni xalqimiz va yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, sofligini saqlash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida joylashgan Adiblar xiyobonida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Shavkat Mavlanov, filologiya fanlari doktori, professor Qosimjon Sodiqov, filologiya fanlari doktori, professor Durdona Lutfullayeva, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri, shoir Salim Ashur, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoirlar Shodmonqul Salom, Shavkat Yusupov, Akademiya O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti kafedrasi mudiri Malika Nosirova, professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, talabalar hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Akademik litseyi o‘quvchi va o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan boshlab, barchani 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi.
— Bugun yurtimizda xalqimiz orzu qilib kutgan bayramlardan biri, — deydi Zohidjon Islomov. — Bu ham bo‘lsa, millatimiz, davlatimiz, sha’nimiz, g‘ururimiz bo‘lgan – O‘zbek tili bayrami kuni. Bu borada ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan bir yil muqaddam O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda muhtaram Prezidentimiz davlat tilini yanada rivojlantirish ishlari yangi bosqichga olib chiqilayotgani, qonun, farmon va qarorlar imzolanishi orqali ona tilimizning huquqiy asoslari mustahkamlanib borishini ta’kidlagan edilar. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, joriy yilning 10-aprel kuni esa “O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi. Kuni kecha esa “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonining qabul qilinishi ham bu boradagi ishlar tadrijiy ravishda davom etayotganidan dalolat beradi.
Shundan so‘ng, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Til masalasi” nomli maqolasi mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’rifiy tadbirga yig‘ilganlar maqolada adabiy tilni shakllantirish va taraqqiy ettirish g‘oyasi ilgari surilganini ta’kidlashdi.
— Yurtimizdagi eng katta bayramlardan birini shunday bir nurli, ma’naviyat maskani bag‘rida, Behbudiy bobomiz haykali yonida nishonlayapmiz, – deydi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri, shoir Salim Ashur. – U kishining til borasida aytgan har bir so‘zlari mana necha asr o‘tibdiki, o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Asrlar osha bezavol yashab kelmoqda. Ona tilimiz orqali buyuk allomalarimizning o‘chmas ma’naviy merosi ham kelajak avlodlarga yetib boryapti. Aynan ilm-ma’rifat uchun kurashgan jadidlarimizning istak-xohishi, yillar davomidagi sa’y-harakatlari zamirida ona tilini saqlab qolish va rivojlantirish bosh maqsadlardan biri bo‘lgan.
Darhaqiqat, Mahmudxo‘ja Behbudiy 1915-yil “Oyina” jurnalining ikki sonida chop etilgan “Til masalasi” maqolasida XX asr boshida Turkiston o‘lkasida ona tilining holati, asrlar davomida fors va arab tillarining unga ta’sir etgani, turkiy tilning asliyatini saqlash va bu borada chuqur o‘ylangan, uzoq muddatli ishlar olib borish lozimligi kabi masalalarni atroflicha tahlil qilgandi.
“Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir” mavzusidagi tadbirda tilshunoslar, shoir va yozuvchilar ham so‘zga chiqib, ona tilimiz sofligi, uning boy til ekani haqida ma’lumot berishdi.
— Hazrat Alisher Navoiy bobomiz bejiz “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz”, deya yozmagan, – deydi filologiya fanlari nomzodi Malika Nosirova. — Til millatning bosh belgisidir. Har bir xalq o‘z ona tilini qancha ardoqlasa, taraqqiy etishida munosib hissa qo‘shsa, til yanada rivoj topadi. Dunyo sahnasida o‘zining mavqeiga ega bo‘ladi. Bu yil o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 31 yilligini nishonlaymiz. Ushbu muddat tarix oldida qisqa fursatdek tuyulsa-da, o‘tgan yillar davomida tilimizning nufuzi va obro‘si yanada yuksalgani, ona tilimizda so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida qariyb 50 million kishiga yetgani ham barchamizga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi.
— Til bor – millat barhayotdir. Unda tarix jonlanadi. Moziydagi qadim qadriyatlar tilga kiradi, – deydi shoir Shodmonqul Salom. – Kishi qancha ko‘p o‘z ona tilida yozilgan asarlar, badiiy adabiyotlarni tafakkur qilib mutolaa qilsa, o‘zining ma’naviy ildizlari, buyuk ajdodlariga munosib vorislar bo‘lishga yaqinlashadi. Ularga o‘xshashga harakat qiladi. O‘zligini saqlab qoladi. Tug‘ilib o‘sgan vatani, xalqi uchun bor kuch, bilimini safarbar etadi. Bugun mehnatsevar xalqimiz bilan biz, Yangi O‘zbekistonni yanada rivojlantirish, Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yishni oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri sifatida qo‘ydik. Albatta, bu ezgu ishlarimizni amalga oshirishda avvalambor, Ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytirishimiz, xalqimiz, qolaversa, yoshlarimiz tafakkuriga singdirishimiz lozim.
Uchrashuvda Behbudiyning ona tili masalasida jon kuydirgani, uning rivoji va kelajak istiqboli yo‘lidagi sa’y-harakatlari haqida talaba-yoshlar ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.
– Behbudiy o‘zga tilni bilish o‘z ona tilini unutish hisobiga bo‘lmasligini maqolasida yozadi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi E’zozaxon Usmonxo‘jayeva. — Bugun xorijiy tillarni qancha ko‘p o‘rgansak, shuncha yaxshi. Biroq bu ona tilimizni yo‘qotish evaziga bo‘lmasligi lozim. Ona tilimiz rivojlanishi uchun har birimiz mas’ulmiz. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hazrat Alisher Navoiy bobomiz turkiy tilga salbiy munosabat bo‘lgan davrlarda turkiy tilning imkoniyatlarini o‘z asarlari, g‘azallari orqali ko‘rsatib berganlar. Tilimizning keng imkoniyatlarini o‘zbek tilida yozilgan asarlar orqali tarannum etishimiz kerak.
– Ma’naviyat maskani deya ataluvchi Adiblar xiyobonida bugun katta bayram, – deydi Akademiya talabasi Kamron Abdumurodov. – Har bir adib haykali yonida ona tilimizga bo‘lgan cheksiz hurmat izhor etilmoqda. Yangrayotgan kuy-qo‘shiqlar, she’riy chiqishlarda ona tilimiz sofligi ifodalanmoqda. Ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali yonida o‘tkazilgan tadbirda ham adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar tomonidan ona tilimizga hurmat ko‘rsatildi. Bu kabi o‘tkazilgan ma’naviy tadbirlar Behbudiy kabi bobolarimizning ilmiy-ma’naviy merosini yanada yaqindan o‘rganishga yordam beradi. Ona tilimiz rivojiga xizmat qiladi.
Tadbir so‘ngida talaba-yoshlar tomonidan ona tilini madh etuvchi she’riy chiqishlar barchaga manzur bo‘ldi. Behbudiyning “Til masalasi” maqolasi bo‘yicha adabiyotshunos olimlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Mavzu bo‘yicha ishtirokchilarning bergan savollariga soha vakillari atroflicha javob berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z davrining yetuk tilshunoslaridan biri edi. Uning tilshunos sifatida xalq jonli tili va adabiy til munosabatlari, imlo, orfoepiya va orfografiya, punktutasiya va etimologiya masalalari yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Adibning bu boradagi qarashlari hozir ham katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lib, lingvistika masalalari yoritilgan barcha maqolalarini diqqat bilan o‘rganish tilshunos olimlarimiz oldida turgan eng muhim vazifalar biridir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati