“Pedagogdan ikki hissa mas’uliyat va mehnat talab etiladi”

Yurtimizda COVID-19 virusi ilk qayd etilgan kundanoq barcha ta’lim muassasalari online ta’lim rejimiga o‘tkazilgan edi. Sir emaski, ta’limning bu shaklida bir qator muammolarga duch kelindi. Yangi o‘quv yilidan boshlab boshqichma-boshqich maktablarda ta’lim an’anaviy shaklga o‘tkazilmoqda.
Xo‘sh, karantin davrida o‘quvchilar bilan ishlash, ularga ta’lim berish jarayonlari qanday kechmoqda? Bu savolga ta’lim muassasasi misolida javob olish maqsadida Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nargiza Rustamovaga yuzlandik.

— Yoshlarga ta’lim berish sharafli, shu bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifadir, — deydi Nargiza Rustamova. — Pandemiya sharoitida bu mas’uliyat ikki hissa ortdi. Biz o‘quvchilarimiz salomatligini asrash bilan birga, ularning tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida maktab jamoasi bilan birgalikda yelkama-yelka mehnat qilyapmiz. Ularga zaruriy tavsiyalarni muntazam berib boryapmiz. Ta’lim jarayonlarida ularning shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilishi, qo‘llarini tez-tez yuvishi, doimiy foydalanadigan buyumlarini toza saqlashi nazoratga olingan.

Virus nafaqat havo-tomchi yo‘li bilan, balki kontakt usulida ham yuqishini hisobga olsak, qo‘llarga dezinfeksiyalovchi, spirtli eritmalar bilan ishlov berish ham yaxshi samara beradi. Mashg‘ulotlar davomida pedagoglarimiz o‘quvchilarga yuvilmagan qo‘llarni yuz-ko‘zlarga tekkizishdan saqlanish lozimligini eslatib turibdi. Chunki virus nafaqat burun yoki og‘iz, balki ko‘z shilliq pardalari orqali ham yuqadi. Tibbiy niqobdan foydalanish barcha pedagoglar, ishchi-xodimlar shu bilan birga o‘quvchi-yoshlardan birdek talab etilmoqda. Qo‘l berib so‘rashish va quchoqlashib ko‘rishishdan cheklanyapmiz. Ijtimoiy masofa — ikki mert masofa saqlanadi. Maktab hovlisidan sinfxonalarga kirishda har bir sinf o‘quvchilari uchun alohida yo‘lak tashkil qilingan va maxsus yozuvli belgilar bilan ko‘rsatib qo‘yilgan.
O‘ylaymizki, tez orada bu kasallik insoniyatdan chekinib, odatiy hayot tarziga qaytamiz. Ammo o‘sha vaqtga qadar koronavirus infektsiyasi (COVID-19) tarqalishi, uning asoratlari va qayta kasallanish holatlaridan saqlanish, aholi, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarimizning salomatligini asrash yo‘lida hushyorlikni yo‘qotmasligimiz lozim.

Ro‘ziqul OCHILOV yozib oldi.