«VATANGA QASAMYOD» TADBIRI O‘TKAZILDI

Joriy yil 24-oktabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi birinchi bosqich kursantlarining «Vatanga qasamyod» qabul qilish tantanali marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.
Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev Akademiyaning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni qutlar ekan, bu oliy dargoh Akademiya maqomiga erishgandan so‘ng ilk marotaba «Vatanga qasamyod» tadbiri o‘tkazilayotgani kursantlarda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishi bilan birga, ulkan mas’uliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlikni ham talab etishini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar vaqtida o‘z jonini xatarda qoldirib, insonlarning hayoti, mol-mulkini saqlab qolish – bu beqiyos insoniy fazilat va sharafli xizmatdir.
— Men bolaligimdan harbiy xizmatchi bo‘lishni orzu qilar edim — deydi Usmon Mamarajabov. — Bugun orzumga yetishib, jonajon Vatanimizga, xalqimizga munosib farzand bo‘lishga, fuqarolarimizning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash uchun bor kuch-g‘ayratimni ayamay xizmat qilishga tantanali qasamyod qildim.
— Farzandlarimiz ona Vatanimizga, Prezidentimizga, xalqimizga munosib xizmat qilish uchun qasamyod qabul qildi. Ular orasida mening nabiram ham borligidan faxrlanaman, — deydi Mashhura Niyozova. — Bugungi tantanali tadbir ko‘zlari chaqnab, Vatanga xizmat qilish yo‘lida g‘ayrat va shijoati jo‘sh urib turgan farzandlarimiz xotirasida bir umrga muhrlanib, o‘qish va xizmat jarayonida ularga yuksak shijoat va kuch bag‘ishlaydi.
Tadbirda Akademiyaning yuqori bosqichlarida tahsil olayotgan, a’lo baholarga o‘qiyotgan va jamoat ishlarida o‘rnak bo‘layotgan iqtidorli kursantlar – «Vazir stipendiantlari»ga faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.
Tantana yakunida Akademiyaning Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i podpolkovnik Savriddin Najmiyev ijro etgan jonajon Vatanimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Farhodjon XOJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi o‘qituvchisi, kapitan