“Islom ensiklopediyasi” birinchi jildining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom — haqiqatni anglash demakdir, u odamzodni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi.
Shavkat MIRZIYOYEV

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom ensiklopediyasi” nashrining yangidan tayyorlangan birinchi jildi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida ZOOM platformasi orqali onlayn tadbir tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar, islomshunos olimlar, turli davlat va jamoat tashkilotlari, respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari vakillari, ilmiy-tadqiqotchilar, o‘qituvchi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Onlayn anjumanda keng qamrovli va ko‘p jildli “Islom ensiklopediyasi” 1 tomining yaratilish jarayonlari haqida to‘liq ma’lumot berildi. Qator olimlar tomonidan bu borada fikr-mulohazalar bildirildi.
– Mazkur nashr Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tayyorlanmoqda, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov. – “Islom ensiklopediyasi” ilmiy-akademik nashr bo‘lib, u respublikamiz ilmiy jamoatchiligi, taniqli professor-o‘qituvchilar, islomshunos olimlar hamda AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Jazoir, Rossiya, va Qozog‘iston davlatlari mashhur olimlari hamkorligida tayyorlanmoqda. Shu bois ham mazkur nashr jahon ilm-fani taraqqiyotida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Anjumanda yurtimizda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining asl mohiyatini keng yoritish orqali dunyo sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimiz boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va yoshlar ongu tafakkurini rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani hayotiy misollar asosida tahlil etildi. Muqaddas dinimizda ilm-ma’rifat, ezgulik va bunyodkorlik, muhtojlarga ko‘mak berish kabi inja tuyg‘ular doimo yuksak qadrlanishi mazkur yaratilgan kitobda yana bir bor o‘z tasdig‘ini topayotgani muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov so‘z olib, mazkur ensiklopediyaning mazmun-mohiyati xususida to‘xtaldi.
– “Islom ensiklopediyasi” reja bo‘yicha 20 jilddan iborat bo‘ladi, – deydi Muzaffar Komilov. – Ensiklopediyada 60 mingdan ziyod maqolalar o‘rin olishi kutilmoqda. Keng qamrovli, akademik nashrda dinimiz ravnaqiga hissa qo‘shgan buyuk shaxslarning ilmiy faoliyati, islom dini asoslari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, sahoba va tobeinlar, muhaddis, faqih, mufassirlar haqida 1000 ga yaqin maqola, atama va so‘z birikmalari, bezak materiallari, xarita hamda chizmalar o‘rin olgan. Ayrim shaxslar, voqealar, atamalar ilk marta ilmiy muomalaga kiritildi. Avval tayyorlangan kitoblardan farqli ravishda yangi manbalar bilan boyitilgan. Mazkur ensiklopediya ilm ahli uchun noyob tuhfa bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Darhaqiqat, ensiklopediya o‘zining mazmun-mohiyati va xususiyatlaridan kelib chiqib, ilgari chop etilgan arab, turk, urdu, fors, ingliz, nemis, fransuz tillaridagi Islom ensiklopediyalaridan tubdan farq qiladi. Kitobni tayyorlashda yurtimiz va mintaqa musulmonlari uchun an’anaviy bo‘lgan xanafiy-moturidiylik tamoyillaridan kelib chiqib yondashilgan. Maqolalar yozilishida ilmiylik va xolislik mezonlariga amal qilingan. Maqolalarning aksariyat qismi birlamchi manbalar – Qur’on, tafsir, Hadis, ilmiy-ma’rifiy tadqiqotlarga asoslangan.
– “Islom ensiklopediyasi” – bugungi kungacha butun ajdodlarimiz tomonidan yig‘ilgan islom olami bilan bog‘liq ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy meros sanaladi, – deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i Otabek Bozorov. – Mazkur ensiklopediya “Uchinchi Renessans” uchun katta poydevor, muhim manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Bu kitob xalqimiz va har bir yosh uchun diniy-ma’rifiy bilimlar berish bilan birgalikda, Imom Buxoriy aytganlaridek, “Najotni ilmdan izlash uchun” xizmat qiladi, deb o‘ylayman. “Islom ensiklopediyasi”ni respublikamizning har bir oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida targ‘ib qilish, taqdimotini o‘tkazish kerak. Yurtimiz ilm ahli, xalqimiz, qolaversa, yoshlarimiz uchun ham bu nodir kitob noyob mana bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Nashr ishlarida yurtimiz va xorijlik islomshunoslar, dinshunos, filolog, manbashunos va boshqa soha vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq muallif, 50 nafarga yaqin taqrizchi va maslahatchi ishtirok etdi. “Islom ensiklopediyasi”ni 20 tomda nashrdan chiqarish mo‘ljallangan bo‘lib, uning navbatdagi jildlari bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
“Islom ensiklopediyasi” yirik va o‘ta mas’uliyatli ilmiy-ma’rifiy loyiha bo‘lib, uning chop etilishi yurtimiz ijtimoiy-ma’naviy va ilmiy-madaniy hayotida katta voqea bo‘lishi kutilmoqda, — deydi iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom To‘xliyev. — Zero, yangi va mukammal “Islom ensiklopediyasi” muqaddas islom dini, umuman, musulmon madaniyati, qolaversa, xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy merosiga aloqador ko‘plab masalalar bo‘yicha ayrim adabiyotlarda yo‘l qo‘yilayotgan bir tomonlamalik, noxolislik kabi salbiy qarashlarning oldini olishga ham xizmat qiladi. Shuningdek, islom dini, tarixi, ta’limoti, uning turli davrlardagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy jarayonlarga ta’siri to‘g‘risida xolis ilmiy-tahliliy ma’lumotlar berib, islomiy e’tiqod mohiyatini buzib talqin qiluvchi mutaassib, aqidaparast, ekstremist guruhlar faoliyati va ularning iddaolariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirishda asosiy manbalardan bo‘ladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan islomshunos olimlar “Islom ensiklopediyasi”ning yaratilishi, to‘plamdan o‘rin egallagan ma’lumot va manbalar, ularning mazmun-mohiyati haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. Yakunda ma’ruzachilar “Islom ensiklopediyasi”ning ilk tomini chop etish jarayonlari hamda keyingi jildlarni tayyorlash ishlariga to‘xtalib o‘tdi. Respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalarida, jamoat tashkilotlarida “Islom ensiklopediyasi”ning taqdimoti bo‘yicha alohida ma’rifiy tadbirlar, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish va tushuntirish ishlari muntazam olib borilishi lozimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati