O‘zbek tili bayrami haftaligi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan tadbirlar karantin talablariga amal qilingan holda faollik bilan tashkillashtirildi.
Haftalik doirasida FVV markaziy apparati, vazirlik Akademiyasi, Maxsus vazifalarni bajaruvchi respublika qutqaruv markazi, FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti va qator hududiy, tarkibiy tuzilmalarda shoir va yozuvchilar, tilshunos va adabiyotshunoslar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Ularda vazirlik tizimi harbiy xizmatchilari, xizmatchi xodimlari, qutqaruvchilar taniqli ijodkorlar va olimlarning qiziqarli ma’ruzalari, ona tiliga bag‘ishlangan ijod namunalaridan bahramand bo‘lib, davlat tiliga oid bilimlarini yanada mustahkamladi.
Tadbirlar davomida vazirning davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bahodir Valiyev hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning joylardagi vakillari, ya’ni vazirlik, idoralarda faoliyat yuritayotgan davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar ona tilimizni rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishni tashkil qilish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.
21-oktabr kuni FVVning bir guruh kursantlari, harbiy xizmatchi va qutqaruvchilari Adiblar xiyobonida bo‘lib, g‘azal mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Hazrat Alisher Navoiy hamda Berdaqdek ulug‘ alloma va shoirlarning pok siymosiga hurmat bajo keltirdi, poyiga gullar qo‘ydi. Shoir va ijodkorlar ishtirokida mushoiralar tashkil qilinib, so‘z san’ati, adabiyot va ma’naviyat durdonalaridan bahramand bo‘ldi.

Muxbirimiz