O‘zbekiston — Qozog‘iston: yangi hamkorlik memorandumi va ilk xalqaro onlayn dars

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik aloqalari keng ko‘lamda olib borilishi rejalashtirilmoqda. Ya’ni birinchidan, ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar almashinuvi tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Ikkinchidan, ma’lum bir ixtisoslik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturlarini yaratishda o‘zaro tajriba almashinuv tashkil etiladi. Shuningdek, uchinchidan, yangi dolzarb ilmiy mavzular yuzasidan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, ilmiy konferensiyalar, seminarlar hamda simpoziumlar tashkil etish ko‘zda tutilayotir.
O‘zaro muloqotlar asnosida shu kunning o‘zida “Abu Nasr Farobiyning ijtimoiy-falsafiy merosi” mavzusida hamkorlikda xalqaro onlayn o‘quv-mashg‘uloti ham o‘tkazildi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Xalqaro o‘quv mashg‘ulotida mavzu yuzasidan Akademiyaning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi mudiri Hamida To‘ychiyeva, professor-o‘qituvchilar Shohida Sodiqova, Bahromjon Farfiyev, yuridik fanlari doktori Jo‘raboy Toshqulov, Nigora Yusupova, falsafa fanlar doktori Matluba Qahhorova, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) O‘ktam Shakarov, tarix fanlari nomzodi, dotsent Roziya Matibayeva, katta o‘qituvchi Firuz Rashidov ma’ruza o‘qidi.
Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida Falsafa va madaniyatshunoslik kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent Madiyar Jumabekov, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Mavluda Raximshikova faol ishtirok etdi. Onlayn darsni ikki ta’lim muassasa professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar kuzatib borishdi.
O‘quv-mashg‘ulotini “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mo‘minjon Xo‘jayev olib bordi.
– Jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlardan biri Abu Nasr Farobiydir, – deydi falsafa fanlari nomzodi, dotsent Mavluda Raximshikova. – Benazir alloma qadimgi yunon mutafakkirlari Aflotun, Arastu, Demokrit va boshqalarning falsafiy merosini puxta o‘rganib, ularning asarlariga sharhlar yozdi. Va bu orqali yangi falsafiy ta’limot yaratdi. Allomaning “Fozil shahar aholisining qarashlari”, “Shaharni idora etish haqida risola”, “Shahar jamoalari haqida risola”, “Fazilat, baxt-saodat va kamolot haqida” kabi qator falsafiy xarakterga ega asarlarida ijtimoiy hayotning barcha jabhalari, jumladan, komil inson va uning axloqiy me’yorlari belgilab berildi. Shu nuqtai nazardan, buyuk bobokalonimiz butun dunyoda “Muallimi soniy”, ya’ni “Ikkinchi muallim” degan sharafga sazovor bo‘ldi.
Onlayn uchrashuvda “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori Matluba Qahhorova “Abu Nasr Farobiy ilmiy merosida odob-axloq masalalari” mavzusida ma’ruza qildi.
— Inson ilm-ma’rifat va axloqi bilan baxt-saodatga erishishi mumkin. Bu O‘rta asrlar davrida alloma Abu Nasr Farobiy tomonidan aytilgan ilg‘or fikr. Ushbu tamoyil bugun ham o‘zgarmagan, – deydi Matluba Qahhorova.
Tadbirda Abu Nasr Farobiy ilmiy merosini o‘rganish bugungi yoshlar ta’lim-tarbiyasi, dunyoqarashi shakllanishi hamda jamiyat hayotning rivojlanishida muhim o‘rin tutishi ko‘p bora ta’kidlandi.
Xalqaro onlayn dars yakunida alloma faoliyati haqida talabalar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Qizg‘in munozara, savol-javoblarga boy o‘tgan o‘quv-mashg‘uloti barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati