“InnoWeek” onlayn platformada bo‘lib o‘tadi

Toshkentda “InnoWeek – 2020” — Innovatsion g‘oyalar haftaligiga start berildi. Bu yilgi mega loyiha onlayn formatda amalga oshirilayotgani bilan o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Harqalay, bunday vaziyat anjumanning nufuzi va ko‘lamiga zarracha putur yetkazgani yo‘q. Aksincha, raqamli platforma haftalik ishtirokchilarining geografiyasini yanada kengaytirishga imkoniyat yaratdi. Hozirning o‘zida innoweek.uz sayti orqali 14 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan (jarayon hafta oxirigacha davom etadi!). Ularning o‘rtacha yoshi 27 yoshni tashkil etmoqda. Muhimi, haftalik dasturidan o‘rin olgan virtual ko‘rgazma, forum, musobaqa va muloqotlarda dunyoning istalgan burchagidan turib bemalol qatnashish mumkin. Bunaqasi nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham hali bo‘lmagan!

Yana bir e’tiborli jihat — dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatga qaramay, “InnoWeek” doirasidagi tadbirlarda qatnashish istagini bildirgan chet el kompaniya va tashkilotlari salmog‘i avvalgi yillarga qaraganda birmuncha ortdi. Masalan, Xalqaro innovatsion ko‘rgazmada namoyish etiladigan 83 ta virtual stenddan 30 tasi xorijiy eksponentlarga tegishli. Ko‘rgazma olti blokdan iborat bo‘lib, qishloq va suv xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, sanoat, arxitektura va qurilish, tibbiyot kabi sohalar bo‘yicha tarmoqlangan.
Ekspozitsiya “InnoWeek” mehmonlarini yurtimiz hamda jahon ilm-fani yutuqlari bilan tanishtirsa, haftalikni boshlab beradigan Xalqaro innovatsion-investision forum innovatsiyalarga sarmoya kirituvchi tadbirkorlar, olim va tadqiqotchilar hamda sohadagi yetakchi ekspertlarni bir makonda uchrashtiradi. O‘zaro fikr almashish, tajriba bo‘lishish jarayonida ular mavjud muammolarni tahlil etib, real yechimlar taklif etadi. Innovatsion ekotizimini deyarli noldan barpo etayotgan hamda 2030 yilgacha Global innovatsion indeks reytingida 50 ta peshqadam mamlakat safidan joy olishdek ulkan maqsadni ko‘zlagan yangi O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun bunday netvorking ayni muddao. Zotan, shu asnoda bizda innovatsion taraqqiyotda ildamlagan mamlakatlar tajribasiga yuzlanib, ular yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarni takrorlamagan holda yuksak marralarga tezroq va osonroq yetish imkoni tug‘iladi.

Xalqaro innovatsion-investision forumning bevosita amaliy ahamiyati to‘g‘risida ham to‘xtalmay ilojimiz yo‘q. Inchunin, mazkur anjuman faqat muloqot maydoni emas. Uning natijasi o‘laroq, yurtimizga u yoki bu soha rivojiga xizmat qiladigan innovatsion ishlanmalar, yangi texnologiyalar kirib kelishi ta’minlanadi. Boshqa tomondan, biz o‘zimizda yaratilgan ilmiy hajmdor mahsulot va xizmatlarni dunyoga ko‘z-ko‘z qila olamiz.
Joriy yilga forum yakuni bo‘yicha o‘nga yaqin kelishuv va investitsiya shartnomasini imzolash ko‘zda tutilgan. Portugaliyalik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan hamda tibbiy oliy o‘quv yurtlari talabalarining masofaviy ta’lim olishida asqotadigan “virtual bemor” platformasi, britaniyalik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshiriladigan bolalarni stomatologik ko‘rikdan o‘tkazish va ma’lumotlar bazasini yaratishga doir investisiya loyihasi shular jumlasidan.

Innovatsion g‘oyalar haftaligi onlayn platformada o‘tkazilayotganiga qaramay (buning, tabiiyki, o‘ziga yarasha texnik qiyinchiliklari bor), an’anaviy anjuman dasturi yana ikkita noan’anaviy loyiha bilan to‘ldirildi. Shulardan biri Jahon yoshlari innovatsion forumi, deb nomlanadi. Aslida-ku, mazkur tadbirning g‘oya-mazmunida yoshlarga urg‘u berilganidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Chunki innovatsiyalarni bor qiladigan yetakchi kuch, zamonaviy tilda aytganda, “inson kapitali” bu, shubhasiz, bilimdon va salohiyatli yoshlardir. Dunyodagi eng kreativ g‘oyalar ham aynan navqiron avlod vakillarining ongu shuurida zohir bo‘ladi. Shunday ekan, ushbu g‘oyalarning aqalli bir foizini bir joyga jamlash qanchalik samara berishini tasavvur qilib ko‘ring-a. Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Firdavs Ne’matzoda bo‘lajak Jahon yoshlari innovatsion forumi rossiyalik hamkorlar bilan bahamjihat tashkil qilinganini aytdi.

— Forum doirasida yosh novatorlar o‘rtasida xakaton, ya’ni aniq muammoga belgilangan vaqt ichida yechim topish talab qilinadigan musobaqa hamda kichik startaplar tanlovi o‘tkaziladi, — ta’kidladi mutaxassis. — Eng sara startap loyihalar nafaqat moliyalashtiriladi, balki ularning mulliflariga g‘oyani keyingi takomilga yetkazish uchun “Skolkovo” innovatsiyalar markazi vakillari tomonidan mentorlik yordami ham ko‘rsatadi. Anjuman doirasidagi taqdimotlarda asosan texnologik olamning kiberxavfsizlik, robototexnika, sun’iy idrok kabi zamonaviy yo‘nalishlarini qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Haftalik dasturidan o‘rin olgan ikkinchi yangi va noan’anaviy tadbir Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining virtual mintaqaviy seminari hisoblanadi. Shuningdek, hafta davomida innoweek.uz onlayn platformasida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida robototexnika bo‘yicha xalqaro musobaqa, Yevropa Ittifoqi ekspertlari ishtirokida vebinar hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi ishlanmalar bankining taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Nargiza UMAROVA