Hamkorlik memorandumi: O‘zaro foydali manfaatlarga xizmat qiladi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan — “Aloqabank” raisining o‘rinbosari Hasan Rahmatov, “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” departamenti kordinatori Temur Jo‘rayev, Matbuot xizmati rahbari Zuhra Yunusova ishtirok etdi.
Tadbir avvalida “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning amaliy ifodasi sifatida ta’lim, fan va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi. Zero, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda ularni ish o‘rinlari bilan ta’minlashda tashkilotlar o‘rtasidagi yaqin aloqalari har qanday muammoga to‘g‘ri va tezda yechim topishga ko‘maklashishi tabiiy.
Ayniqsa, oliy ta’limda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijaviyligi, eng avvalo, uning amaliyot, ya’ni ishlab chiqarish bilan bog‘liqligiga asoslanadi. Shu bois, Akademiya va bank o‘rtasida imzolangan mazkur Memorandumda ta’lim muassasasining tegishli ixtisoslikdagi professor-o‘qituvchi va mutaxassis-olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-texnologik ishlanmalarda bank-moliya tizimidagi mavjud muammolarga ustuvor ahamiyat qaratilishi har ikki soha taraqqiyotiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bizning bankimiz aholiga bank-moliya xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida yetakchilardan hisoblanadi, — deydi o‘z so‘zida “Aloqabank” raisining o‘rinbosari Hasan Rahmatov. — Hozirda hamkorlik aloqalarimizni xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan ham mustahkamlash yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Ma’lumki, yurtimiz aholisining asosiy qismini muqaddas islom diniga e’tiqod qiluvchilar tashkil etadi. Shu jihatdan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan o‘zaro hamkorligimiz bank-moliya sohasida ham islom moliyaviy tamoyillarini kengroq tatbiq etish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishimizda ustuvor ahamiyat kasb etadi deb o‘ylayman.
Darhaqiqat, o‘zaro hamkorlik Memorandumini imzolash marosimida tomonlar shu kabi manfaatli jihatlarga e’tibor qaratishdi. Ayniqsa, Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining faol talabalari va ilmiy tadqiqotchilari uchun maxsus stipendiya joriy etish, xorijiy davlatlar ilmiy tadqiqot markazlarida o‘qish va tajriba almashinuvlarini moliyalashtirish shuningdek, hamkorlikda xalqaro konferensiya va seminarlar o‘tkazish kabi tashabbuslari yosh avlod kamoloti va yurtimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Yana bir e’tiborli jihati, bank tomonidan Akademiyada to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan izlanuvchan talabalari uchun imtiyozli shartlarda kredit mablag‘larini taklif etishga tayyor ekani xususidagi kelishuv ham yurtimizda inson kapitaliga tobora ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan darak beradi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikka asos bo‘lgan Memorandumni tantanali imzolash marosimi yakuniga yetgach, Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” vakillari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hududida joylashgan muqaddas qadamjolar — Shayxovantahur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralarini ziyorat qilishib, katta taassurot olishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati