QISH YAQIN! KO‘MIR YETARLIMI?

Xalqimizda qish g‘amini yozda ye, degan maqol bor. Bu maqol nafaqat oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi dehqonlar balki, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi soha vakillariga ham taalluqlidir.
Sababi, iqtisodiy obyektlar, ijtimoiy soha majmualari va aholi xonadonlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, sovuq hamda yog‘ingarchilik kunlarda tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berish dolzarb masalalardan biridir.
Ayniqsa, sinoptiklar bu yil qish mavsumi o‘tgan yilgidan 2-3 daraja sovuqroq bo‘lishini pragnoz qilishmoqda. Kunlar soviy boshlagani sari aholining issiqlik energiyasiga ehtiyoji ortadi. Bu ehtiyoj tabiiy gaz va ko‘mir yoqilg‘isi bilan ta’minlanadi. Yuqori texnologiyalar davrida ham ko‘mir avvalgidek eng muhim xomashyoligicha qolmoqda. Shu sababli tabiiy gaz yetib bormagan aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarga ko‘mirni o‘z vaqtida va kerakli miqdorda yetkazish doimgidek muhum masalalardan biridir.
Respublikamizda ko‘mir yoqilg‘isining 85 foizi Angren ko‘mir konidan qazib olinadi. Bungungi kunda hudud 3 ta “Angren”, “Apartak” ochiq ko‘mir konlari va yopiq shahta usulidagi kondan iborat bo‘lib, unda 6 ming nafardan ortiq xodim ishlaydi. Bu yerda kuniga 13 ming tonna ko‘mir qazib olinadi va respublikamiz bo‘ylab tarqatiladi.
— Bizning jamiyat O‘rta Osiyodagi eng yirik ko‘mir koniga ega, — deydi “O‘zbekko‘mir” AJ direktori o‘rinbosari Aleksandr Korchagin. — Hozir Angren ko‘mir konidan 3 turdagi ko‘mir mahsulotlarini qazib olamiz. Ularning sifati jahon standartlariga javob beradi. Oldimizga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, moddiy texnik bazamizni yangilash, ish sifatini oshirish harakatidamiz. Shuningdek, ko‘mir qazib olish hajmini bosqichma bosqich oshiryapmiz. Konimizda ish to‘xtovsiz amalga oshiriladi. Buning uchun ishchilarimizga kerakli barcha sharoitlarni yaratganmiz. “O‘zbekko‘mir” AJ joriy yilning 1-dekabrigacha aholi ehtiyojlari uchun 600 ming tonna ko‘mir yetkazib berishni rejalashtirgan. O‘ylaymizki, 2020-2021-yilgi kuz-qish mavsumida respublikamizning ko‘mir yoqilg‘isiga bo‘lgan ehtiyoji 100 foizga ta’minlanib, ko‘zlangan natijaga erishamiz.

Ma’mura XUSINOVA