OTMda qanday shartlar bilan an’anaviy ta’limga qaytiladi?

Respublika maxsus komissiyasining joriy yilning 12-noyabrdagi yig‘ilishi qaroriga muvofiq, barcha oliy ta’lim muassasalarida 16-noyabrdan har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va reja-grafik asosida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda davom ettirish belgilandi.
Bugun AOKA majlislar zalida ayni shu masalaga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Mazkur anjumanda talabalar va ularning ota-onalarini qiynayotgan savollarga javob berishga harakat qilindi.
Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nima uchun xuddi maktablardagidek gibrid yo‘nalishini tanlamay, buni oliy ta’lim muassasalarining o‘ziga qo‘yib bergani, hozir aksariyat ta’lim muassasalari birinchi va to‘rtinchi kurs talabalarini chaqirishayotganiga OTM bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov javob qaytardi.
— An’anaviy ta’limga barcha kurslar jalb qilinadi, faqat ketma-ketlikda. Chunki OTM 10-15 mingta talabani bir vaqtda chaqirib, bir haftada hammasini hal qilib qo‘yish imkoniyatiga ega emas. Bu bugungi kundagi ko‘pgina tartiblarning buzilishiga olib keladi. Shu sababli Oliy ta’lim vazirligi umumiy tartibda holatni belgilab bergan, lekin asosiy masala oliy ta’lim muassasasi tomonidan hal qilinadi, — dedi Abduvali Xoliqov. — Masalan, San’at va madaniyat instituti bilan Toshkent davlat texnika universitetini solishtirib bo‘lmaydi. Bunga bir xil talab qo‘ya olmaymiz. Tibbiyot akademiyasi bilan Qishloq xo‘jaligi universitetini ham solishtirib bo‘lmaydi. Bunga ham bir xil talab qo‘ya olmaymiz. Bu maktab, bog‘cha emas. Masalan, maktablarda bir xil talab, bir xil darslar, o‘quvchilar soni ham deyarli aniq. Lekin oliy ta’limda unday holat kuzatilmaydi. Mana shu talablarni oliy ta’lim muassasasining o‘zi belgilaydi. Bu talabaga ham, oliy ta’lim muassasasiga ham foyda. Chunki ular tarozi qachon muvozanatga kelishini biladi.
Yana talabalarni qiynaydigan muammolardan biri talabalar turar joyi. Bu muammoga ham mutasaddilar o‘z munosabatlarini bildirishdi.
— Buni tan olish kerak, talabalar turar joyida barcha talabalarni to‘liq ta’minlash imkoniyati mavjud emas. Bugungi kundagi barcha talablarga javob beradigan va mas’uliyatni bo‘yniga oladigan talabalarimiz an’anaviy ta’lim shakliga qaytadi. OTM talabani turar joy bilan ta’minlashga kafolat bermaydi. Imkoniyati mavjud bo‘lgan talabalar an’anaviy ta’lim shaklida o‘qiydi.
Ma’lum bir talabalar turar joylarida bugungi kunda ta’mirlash ishlari ham olib borilyapti. Ta’mir tugaganidan keyin (xonalarning) tarqatilishi bo‘yicha har bir oliy ta’lim muassasasining o‘zi bu imkoniyatni talabalarga beradi. Talabalarni turar joyga joylashtirishda hamma biladiki, imkoniyati cheklangan talabalar birinchi o‘rinda yotoqxona bilan ta’minlanadi. Kam ta’minlangan, Mehribonlik uylari bitiruvchilari – mana shu toifadagilar, — dedi A.Xoliqov.
O‘tgan savol-javoblar davomida Oliy ta’lim muassasalari va talabalar turar joylari pirometr, dozator va antiseptik vositalar bilan jihozlanishi aytildi. Bundan tashqari talabalar turar joylarida kasallikka chalingan talabalarni izolyatsiya qilish uchun “Qizil zona” — izolyator tashkil etiladi. Kurslar kesimida o‘quv jarayonini tashkil etish sxemasi ishlab chiqilib, tabaqalashtirilgan vaqt soatlari asosida dars jadvallari tuziladi.
Oliy ta’lim va Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida qo‘shma qaror imzolangan bo‘lib, unda an’anaviy ta’lim qanday tartibda tashkil etilishi belgilangan. Har bir oliy ta’lim muassasi hududdagi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda ishlaydi. Auditoriyalarga belgilangan sig‘imning 50 foizigacha talabalar kiritiladi. Ya’ni, 30 kishilik auditoriyaga 15 nafar talaba kiritiladi.

Ro‘ziqul OCHILOV