“Ahmoqlik”ning afzalligi (Hajviya o‘rnida)

Ishxona. Hamma tushlikga chiqib ketgan. Xonada yolg‘iz o‘zim, bilgisayar bilan ko‘z urushtirib o‘tiribman. O‘ta muhim topshiriq kelgan. Bajarmasam… Zo‘r yashayman: oyligim oshadi, majlislarda maqtovlarni qo‘r to‘kib eshitaman, javonim “Faxriy yorliq”larga to‘ladi, bayramlarda sovg‘aning sarasini olaman, har kelgan boshliq bilan opoq-chopoq bo‘lib ketaman, ulfatchiliklar… Behazil zo‘r yashayman! Bajarsam… Bazo‘r kun ko‘raman: oyligim yanayam pasayadi, majlislarda ilhom bilan so‘kishadi, tortmalar “Tushintirish xati”mga to‘ladi, bayramlarda mukofot puli ham yozishmaydi, har kelgan boshliq bilan it-mushuk bo‘laman, kulfatchilik… Shularni bilib turib ham, mana, o‘sha muhim topshiriqni bajaryapman! “Ahmoqsan” deyishadi, aqli raso hamkasblarim. Ha, ahmoqman va bundan faxrlanaman, hatto.
Kulyapsiz-a? Baralla kulavering. Sizga qo‘shilib kulishim mumkin. Shunday men to jonim chiqib ketguncha o‘z ustimdan kulib, kuldirib o‘tsam kerak. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz nega sirkdagi masxaraboz yig‘lasa ham odamlar kulaveradi. Unda o‘ylab ko‘ring axir, aqlli — Sizku. Menda o‘y nima qilsin, o‘zingiz aytmoqchi ahmoq bo‘lsam.
Lekin gashti bor ekan. Ahmoqlikni aytamanda: xohlaganingni gapirasan, xohlaganingni yozasan, xohlaganingni o‘qiysan… Xohishingcha yashaysan xullas.
Bilaman sizga aniqlik, misollar yoqadi. Bo‘pti-da, misollar keltiraqolay: tilim qisiq emas — boshliqmi yo boshqasi, kimga bo‘lsayam aytarimni aytaman, birorta savol, fikr, e’tiroz ichimda muallaq qolib ketmaydi; Yaxshigina surbetman — uncha-muncha gapga xafa bo‘lmayman, qisinib-qimtinib yurmayman; Kibrning jilovini tortib turaman… Shu uchinchi misol tasnifi uchun vaqt-bevaqt qo‘zib qoladigan, bolalikdan singigan ba’zi odatlarimni keltirsam.
Shaharda tuppa-tuzuk yurgan kunlarimda qishloqqa ketib yuboraman. O‘n gektar yerimiz bor. O‘sha yerda eshakday ishlab-ishlab qaytaman. Holbuki, birov majburlamaydi. Tirikchilik va’jidan ham emas, shunchaki ishlagim keladi, vassalom. Ayniqsa, shaharning silliq sharoitlarida silliqlashib borayotganimni payqab qolsam, ketib yuboraman.
Nimagadir “qiyqiriq moda”da kiyinganlardan ko‘ra egniga odmigina ust-bosh ilganlar bilan tez chiqishaman. Ular bilan iloji boricha ko‘proq hamroh-u hamsuhbat bo‘lsam deyman. Kiyimlari kabi soddagina fikrlarini, so‘zlarini eshitganim sari yayrayman, g‘uborlarim tarqaydi. Shundan nima foyda deysizmi? Siz kutgan “foyda”ni ulardan ololmasligim aniq. Ya’ni: bitta qo‘ng‘iroq bilan birorta mushkulimni oson qilisholmaydi, nomlarini pana qilib chigilimni yecholmayman, hashamat davralarda obro‘yimni oshirishmaydi… Na iloj, ahmoqman.
E-e, deyman turib-turib shu ahmoqligim bo‘lmaganda allaqachon ko‘karib gurkirardim. Tavba, shu choqqacha kitob titkilab yurarkanmanu faqat undagi voqealar, qahramonlar, asar janri, mohiyati, maqsad-muddaosi… ni o‘ylarkanman — “Spark”ni emas. O‘zimcha she’r-per yozib yurarkanmanu, unda hislarimning qanchalik aks etishi, holat tasviri, ishoru iqrorlarim… haqida o‘ylarkanman — “Cobalt” haqida emas…
…Yo‘lakda olashovur eshtilyapti. Tushlikdan qaytishyapti, chog‘i. Oshqozonimdagi ochlik “galakonserti” avj nuqtada. Hamon o‘tiribman. Hamon o‘sha muhim topshiriqni bajaryapman — multfilm ko‘ryapman!..

Bunyod ABDULLAYEV