Hammasi nazorat ostida

Barchamizga ma’lum bundan bir necha yillar ilgari kuzning dastlabki oylarida ta’lim muassasalarining o‘qituvchilaridan tortib o‘quvchilarigacha, shifokorlardan tortib hamshiralargacha paxta yig‘im-terim mavsumida kimdir xohlab, yana kimdir majburan qatnashar edi. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida majburiy mehnatga chek qo‘yilib, buning oldini olish borasida amaliy ishlar qilinmoqda. 2020-yilgi paxta yig‘im-terimi nihoyasiga yetayotgan bir paytda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha monitoring tadbirlari muntazam olib borilmoqda.
Monitoring natijalariga ko‘ra, respublikamizning ayrim hududlarida kuzatilayotgan majburiy mehnat holatlari bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan keskin choralar ko‘rilmoqda. Xususan, paxta yig‘im-terim mavsumida joylarda 2 ming 570 dan ortiq tashkilot, fermer xo‘jaligi va klasterlarda o‘tkazilgan monitoring natijasida 35 nafar mansabdor shaxsga majburiy majburiy mehnatga jalb etish holati yuzasidan 372 million 410 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi. Majburiy mehnat holatlari Toshkent, Namangan va Qashqadaryo vilayotlarida eng ko‘p kuzatildi.
Band bo‘lmagan aholini terimga jalb qilish, terimchilar uchun munosib mehnat hamda dam olish sharoitlarini yaratish, terim pullarini o‘z vaqtida va belgilangan me’yorlarda berish masalalari yuzasidan 123 ta holatda mansabdor shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Masalan, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Oqrobot yulduzi”, Navbahor tumanidagi “Xamra juma”, “Asadbek Sarvarbek”, Xatirchi tumanidagi “Oydinov Odil Nodira”, Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi “Ergash Ro‘zimov”, Xonqa tumanidagi “Matyaqubov Akmal”, Xiva tumanidagi “Said ota Madaminov”, Urganch tumanidagi “Kuramboyev Inoyat”, Yangibozor tumanidagi “G‘aniyev Rustam Ro‘zmetovich” fermer xo‘jaliklari rahbarlari paxta teruvchilar uchun yotoq joylarida va ovqatlanish bo‘yicha zarur sharoitlarni yaratib bermaganligi uchun ma’muriy jarimaga tortildi hamda terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berildi.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan manitoring davomida 550 dan ortiq fuqarolar bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtirilmaganligi aniqlanib, nafaqat fermer xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlari, balki fuqarolar bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi va shartnomalar tuzildi. 53 ta holatda aybdorlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi. Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi “Saidazim Eshboyev” fermer xo‘jaligi rahbari Samarqand viloyatining Payariq tumanidan kelgan ko‘ngilli terimchilarni ular bilan tegishli tartibda shartnoma rasmiylashtirilmagan holda, paxta terimiga jalb etgani bois ma’muriy javobgarlikka tortildi hamda terimchilarning mehnat huquqlari tiklandi.
Shuningdek, joylarda 17 ta fermer xo‘jaligi va klasterlarda terim pullari o‘z vaqtida berilmagan 410 nafardan ortiq fuqaroga 173 million so‘mdan ortiq kunlik ish haqi to‘lab berilishi ta’minlandi. Bu kabi holatlarning takrorlanishining oldini olish maqsadida ish beruvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqdan kelib tushgan murojaatni o‘rganish jarayonida Xorazm viloyatining Xiva tumanidagi “Temurbek Xamidbek” fermer xo‘jaligi rahbari joriy yilning 14-oktabridan 20-oktabriga qadar terimchilarga mehnat haqini kechiktirgani sababli ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma asosida terimchilarning paxta pullari to‘lab berildi.
Turli aldov yo‘llari yoki bosim ostida ba’zi bir tashkilot xodimlarining majburiy mehnatga jalb etilishi, ularning huquqlari poymol bo‘lishiga qarshi Davlat mehnat inspeksiyasi pespublikamizda majburiy mehnatga qarshi keskin kurash olib bormoqda. Majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lgan fuqarolar 1176 qisqa raqamiga, (71) 200-06-00 ishonch telefoniga yoki www.dmi.mehnat.uz sayti orqali murojaat qilishi mumkin.
Aholi orasida turli mishmishlar tarqalgan. Ya’ni bu kabi salbiy holatlarga guvoh bo‘lib tegishli joylarga murojaat etishdan qo‘rqishadi. Sababi “Kimligim oshkor bo‘lsa, ishimdan ayrilaman, hamkasblarim orasida men haqimda noto‘g‘ri fikr yuzaga keladi”, deb o‘ylashadi. Natijada esa yopig‘li qozon yopig‘ligicha qolaveradi. Bundan ham yomoni bu holatlar takrorlangani sari aholi o‘z haq huquqlarini bilmay, shu tarzda yashayveradi.
Hurmatli fuqarolar o‘zingizning mehnat huquqlaringiz buzilishiga yo‘l qo‘ymang. Majburiy mehnat ishtirokchisi bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘ling! Eslatib o‘tamiz, bizga murojaat qilgan shaxslar oshkor etilmasligi kafolatlanadi.

Qudratullo ODINAYEV
O‘zbekiston Respublikasi Bosh mehnat inspektori