ULUG‘ MAQSAD YO‘LIDAGI INTILISHLAR

Jamoamizning say’i harakatlari tufayli tuman, viloyat, respublika miqyosida erishilayotgan yutuqlar yanada g‘ayrat, mas’uliyat bilan ishlashga ruhlantiryapti. Maktabda “Tasvir va tasavvur” to‘garagiga rahbarlik qilaman. 12 nafar o‘g‘il-qiz to‘garagimda faol ishtirok etib, turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni olib kelishmoqda. 2019-2020 o‘quv yilida maktabni tugatgan 11-sinf o‘quvchim Shaxzodjon Nurmurodov Navoiy davlat pedagogika institutining tasviriy san’at yo‘nalishi talabasi bo‘ldi.
Iste’dod shunday noyob hodisaki, u har kuni yoki har doim paydo bo‘lavermaydi. Ana shunday iste’dodlarni izlash, izlab topilganlarni kashf qilish, ularni ro‘yobga chiqarishdek ezgu ish doimo biz o‘qituvchilarni zimmasida bo‘lgan. Maktabimizdagi yosh ijodkor rassomlar, ixtirochilar, dizaynerlar haqida ma’lumot berish, ularni faoliyatini yoritish, orqali qobiliyatli yoshlarimizga ilhom baxsh etib kelmoqda. Shahrizoda To‘raqulova ham ana shunday iste’dodli yoshlarimizdan biri. U chizgan suratlar rang-barangligi, bo‘yoqlarni o‘z o‘rnida ishlatganligi bilan kishini o‘ziga mahliyo etadi. Ayni vaqtda qahramonimiz 13-bolalar musiqa va san’at maktabida rassomlik yo‘nalishida saboq olmoqda. O‘z ijod namunalarini bir necha bor ko‘rgazmalarda namoyish etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi “San’at yo‘nalishi” respublika tanlovining grafika yo‘nalishi bo‘yicha diplomini qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasi,O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etgan turli tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.
Yaqinda “Zulfiyaxonim izdoshlari” respublika tanlovining tuman bosqichida “San’at” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Maktab jamoasi bu tinib-tinchimas tashabbuskor o‘quvchi bilan doimo faxrlanadi. Maqsadimiz yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishdir. Aytib o‘tish kerakki, to‘garaklar faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ta’lim dargohimizning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qay sohada bo‘lmasin maktabimizda ta’lim olayotganlarning yutuqlari nafaqat maktabimiz, balki tuman, viloyatning ham faxri bo‘lib qoladi. Biz shunday farzandlar kamol topishiga hissa qo‘shayotganimizdan baxtlimiz.

Maqsuda RAVSHANOVA,
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tasviriy san’at fani o‘qituvchisi