BAYROGʻIMIZ-FAXRIMIZ

Quyosh ko‘kda falakning bayrog‘i bo‘lib porlab turibdi, ko‘ngilda muhabbat bayrog‘i hilpiraydi, ongimizni esa tafakkur bayrog‘i nurlantiradi. Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.
Davlat bayrog‘i O‘zbekiston davlat suverenitetining ramzidir.
18 noyabr – “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan kun.
Mamlakatimizda har yili davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan sanaga alohida etibor qaratilgan bo‘lib, joylarda keng nishonlanib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 17 noyabr kuni barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Rasulbek Kusherbayev, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Kozimjon Tojiyev, O‘zbekiston Respublikasi Adolat-sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Umidjon Sulaymonov, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Sirojiddin Rauf, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi muassisligidagi «Muhofaza +» jurnali va «Vaziyat» gazetasining Birlashgan tahririyati bosh muharriri Azamat Suyunov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sergeli tumani Kengashi raisi Azizbek Qayumov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev, o‘z nutqida, Davlat bayrog‘i O‘zbekiston davlat suverenitetining ramzi va xalqaro munosabatlarda mamlakatimiz timsolidir. 1992 yilning 2 martidan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan millatlar tashkilotining bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, yigirma to‘qqiz yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli ekanligini alohida e’tirof etdi.
Keng – mulohazalarga boy bo‘lgan tadbirda so‘zga chiqqanlar esa ozod va obod Vatanimiz — O‘zbekistonning bayrog‘i ham bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’ala ekanligini hamda Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli bo‘lish bilan birga millat bayrog‘i sifatida yuksak e’zozlanishi xususida fikr bildirdilar. Shuningdek, taklif etilgan mehmonlar tomonidan, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar berildi.
Qolaversa tadbir ishtirokchilariga “Bayrog‘imiz-faxrimiz” mavzusidagi bir qator she’rlar hamda Davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida tashkil etilgan badiiy-ilmiy va qonunchiligimizga oid kitoblar yarmarkasi hamda Akademiyaning «Ma’naviyat va ma’rifat markazi» boshlig‘i podpolkovnik Savriddin Najmiyev ijrosidagi jonajon Vatanimizni va bayrog‘imizni tarannum etuvchi kuy qo‘shiqlar ishtrokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
— Vatan himoyasidek muqaddas burchni mardona o‘tash uchun bayrog‘imizni o‘pib qasamyod qilayotgan harbiylarimizning qalbidagi olovni, yuzlaridagi quvonchni ko‘rib, faxrlanamiz. Ana shunday lahzalarda hech mubolag‘asiz Vatanimiz bayrog‘ini ko‘zimizga to‘tiyo qilgimiz keladi. Bu faxrlanish aslida yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir deydi — polkovnik Abduazim Axmadxodjayev — Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
— Millatimiz timsoli bo‘lgan davlat bayrog‘i qabul qilinganining 29-yilligiga bag‘ishlangan bugungi tadbir biz yoshlarni qalbimizda g‘urur va iftixor hissini yanada to‘lqinlantirib yubordi deydi — Akademiya 3-bosqich kursanti Shaxriddin Faxriddinov — biz yoshlar ham buyuk ajdodlarimizning davomchilari sifatida davlatimiz rahbari yaratib bergan shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, turli sohalarda yuksak cho‘qqilarni zabt etib, davlatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmog‘imiz joiz deb bilaman.

Farhodjon XOJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi o‘qituvchisi,kapitan
Rasulbek MAMAJONOV,
4-bosqich kursanti.