Yoshlar hayotini rejalashtirish mamlakat istiqboliga xizmat qilmaydi

O‘zbekiston milliy universiteti dotsenti, sotsiologiya fanlari doktori Azamat SEITOV yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining amaldagi holati xususida xolis fikr bildirdi. Ekspertning so‘zlariga qaraganda, ayni chog‘da yoshlar bilan ishlashda eskicha qarash-muddaolardan butkul voz kechish zarur. “Sovet davridagi kollektivizm — hammani teng ko‘rish va bir qolipga solishlikning vaqti o‘tdi, — deydi olim. — Bunday yondashuv eskirgan. Boz ustiga, u o‘zining samarasiz ekanini namoyon etdi. Hozir yoshlarga individ sifatida qarash, har birining individual talab va ehtiyojlarini hisobga olish hamda qondirishga harakat qilish ayni muddao. Bu jamiyatimizdagi ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topish, pirovard natijada esa mamlakatni taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.
Azamat Po‘latovich, yoshlarga oid davlat siyosati, aniqrog‘i, uni ro‘yobga chiqarish mexanizmlari haqida liberal pozitsiyadan turib fikr yurityapsiz. Bunday yondashuv nimasi bilan afzal? Nega aynan uni asos qilib olish kerak, sizningcha?
— Yaqin o‘tmishimizga yuzlanaylik. Sobiq ittifoq davrida yoshlar komsomolning tarkibiy qismi, kollektiv kelajak poydevori sifatida qaralgan. Ularga nima kerakligi, hatto qiziqishlari doirasini davlat va amaldorlar tepadan turib belgilab berardi. O‘sha vaqtda ommaviylik urf bo‘lgan. Yoshlarni yoppasiga mehnat otryadlariga jalb qilish, yoppasiga yagona mafkuraga ergashtirish, yoppasiga bir xil uslubda kiyintirish kabilar odatiy holga aylangandi. Insonning individual xususiyatlari bilan esa hech kim hisoblashmagan.
Endi-chi?
— Endi biz mutlaqo o‘zgacha reallikda yashayapmiz. O‘zbekiston xalqaro maydonda munosib o‘rnini egallashga harakat qilyapti. Lekin bu oson emas. Global dunyodagi shiddatli raqobatga dosh berish uchun “inson kapitali”ni o‘stirish kerak. Bunday salohiyat yoshlardagina mavjud. Uni ro‘yobga chiqarish individual yondashuvni talab qiladi. Fikrimcha, yoshlarga oid davlat siyosatini mana shu nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish va isloh qilishning vaqti keldi.
Nega yoshlarni hali ham yaxlit substansiya, ya’ni ommaviy ravishda ishlash talab qilinadigan qatlam deb qabul qilamiz?! Bu meni hayron qoldiradi. Yoshlarga oid davlat dasturlarini ishlab chiqishda ham ko‘proq miqdoriy ko‘rsatkichlarga urg‘u berilmoqda. Aytaylik, har bir tuman (shahar)da shunchadan mini futbol maydonchalari quriladi yoki bo‘lmasa, maktablarda shuncha sport, shuncha san’at, shuncha fan to‘garagi tashkil qilinadi, deb xomcho‘t qilish juda g‘alati, nazarimda. Yigit-qizlarning qiziqishlari, talab-ehtiyojlarini o‘rganmay, bu borada jiddiy va keng ko‘lamli sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazmay turib, qanday qilib ularning hayotini oldindan rejalashtirish mumkin, axir?! Gap yana ommaviylikka borib taqalmoqda. Bunday vaziyatda mutasaddi tashkilotlar raqamlar ortidan quvishga intilishi tabiiy.
Mana qarang, oxirgi yillarda yurtimizda bir qator sport turlari bo‘yicha chempionlar yetishib chiqdi. Shaharu qishloqlarda qanchadan-qancha o‘g‘il-qizlar ularga havas qilib yoki yaqinlarining undovi bilan sport seksiyalariga yozilyapti. Biroq o‘sha havasmandlar bilan individual tarzda ish olib borilyaptimi? Iqtidori to‘g‘ri yo‘naltirilyaptimi o‘zi? Savollar ochiq… Balki, boks to‘garagiga yozilgan bolaning aslida san’atga ko‘proq ishtiyoqi bordir. Yoshlarga oid davlat siyosatida ommaviylikdan qochilmas ekan, bu sohadagi muammo va kamchiliklardan hali-beri qutula olmaymiz.
Farzandlarimiz qalbi va shuuriga individualizm urug‘ini sepib, ularda xudbinlikni tarbiyalab qo‘ymasmikanmiz?
— Individualizm va egoizm aynan bir narsa emas. Ular o‘rtasidagi nozik farqni ilg‘ash juda muhim. Individuallik insonga o‘z salohiyatini to‘laqonli namoyon etish imkonini beradi. Keyinchalik u dunyoqarashi va qiziqishlari o‘zinikiga o‘xshash odamlarni qidira boshlaydi. Ushbu zanjir tobora kengayib, alal-oqibat, kollektivizmga olib keladi. Faqat bunday kollektivizm sovet davridagidek qo‘rqitish va majburlashga asoslanmaydi. Balki quyidan, ixtiyoriy tarzda shakllantiriladi.
Liberal nuqtai nazardan individualizm orqali kollektivizmga kelinishi kerak, aksincha emas!
Hozir respublikaning barcha hududlarida IT-parklar tashkil qilinmoqda. “Bir million dasturchi” loyihasi e’lon qilindi. Maqsad to‘g‘ri qo‘yilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyatini oshirish nihoyatda muhim. Biroq, takror aytaman, bu ishni yoshlarning individual talabidan kelib chiqib amalga oshirish zarur. Bir millionta dasturchini tarbiyalaymiz, deb ertaga hammani yoppasiga IT-parklar yoki robototexnika to‘garaklariga jalb etish yaramaydi.
Bugun son ortidan quvib sifatni esdan chiqarayotgandekmiz. Vaholanki, yoshlar masalasiga oid reja-dasturlar tuzishda salmoq birlamchi bo‘lib qolmasligi kerak. Yo‘qsa rahbarlar gap eshitib qolmaslik uchun real holatni yashirish yoki hisobotdagi raqamlarni bo‘rttirib ko‘rsatish payiga tushadi.
Unda xatolik qayerda? Yoshlar siyosati tizimining qaysi bo‘g‘inlari pand beryapti?
— Tizimga hech qanday e’tirozim yo‘q. Men faqat vazifalar taqsimotini qayta ko‘rib chiqqan bo‘lardim. Davlat yoshlar siyosatining maqsadi va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi kerak, xolos. Bo‘ldi! Qolgan ishni nodavlat tashkilotlar bajaradi. Shu bois O‘zbekistonda bir emas, o‘nlab yoshlar birlashmalari faoliyat ko‘rsatgani ma’qul, deb o‘ylayman. Davlat ijtimoiy buyurtmani shakllantiradi, loyiha uchun mablag‘ ajratadi hamda ijrochilar o‘rtasida tanlov e’lon qiladi. Tabiiyki, tenderda g‘olib bo‘lgan tashkilot yoki muassasa natija uchun ishlaydi, buyurtmani sifatli bajarishga harakat qiladi. Chunki bundan, avvalo, o‘zi manfaatdor.
Yoshlar siyosatini amalga oshirishda asosiy oqsoqlik ijro mexanizmida yuzaga kelmoqda. Maqsad aniq va to‘g‘ri qo‘yilsa ham, mutasaddilar eskicha yondashuv, ya’ni ommaviylikdan voz kechayotgani yo‘q. Qolaversa, aksariyat loyihalarga davlat tashkilotlari bosh-qosh bo‘lmoqda. Ijtimoiy buyurtmaga mas’ul ham, mablag‘ni tasarruf etuvchi ham o‘zlari. Yoshlar bandligini ta’minlash masalasini olaylik. Eh-he, bu bo‘yicha qanchalab yolg‘on ma’lumotlar tayyorlanmadi deysiz. Universitet, kollej bitiruvchilaridan ishga joylashgani to‘g‘risida ma’lumotnoma olib kelish talab qilinadi. Shu bir parcha qog‘oz yig‘majildga tikilmagunicha na kurs rahbari, na direktor va dekanda halovat bor. Ba’zi yoshlar qulog‘im tinchisin, deb biron joyda ishlayotganini tasdiqlovchi soxta hujjat qildirib keladi. Qarabsizki, hisobotda hammasi risoladagidek. Amalda esa muammolar kamayayotgani yo‘q.
Ichki va tashqi tahdidlar bor. Yoshlar siyosati shundaylarga darhol reaksiya ko‘rsatishi, payini qirqishi kerak. Nima deb o‘ylaysiz, yoshlar ongidagi mafkuraviy bo‘shliqni tahdidlar sirasiga kiritsa bo‘ladimi?
— Yoshlar ongida mafkuraviy bo‘shliq mavjud emas. Bu — mif!
Nega?
— Chunki ongda bo‘shliq paydo bo‘ldimi, u, albatta, nimadir bilan to‘ldiriladi. Demak, inson mudom muayyan tushunchalar, fikr, g‘oya va mafkuralar ta’sirida yashab keladi.
Endi so‘rashingiz mumkin, nega unda butun dunyo mafkuraviy tahdidilar sabab turli mintaqalarda “rangli inqilob”lar yuz berayotgani haqida ayyuhannos solmoqda?
“Rangli inqilob” gibrid urushning eng ommalashgan shakli hasoblanadi. Ommani jumbishga keltirib, keyin ongi bilan manipulyatsiya qilish mamlakatni harbiy kuch ishlatib bosib olishdan ko‘ra ming chandon afzal.
Gibrid urushlar qurboniga aylanishni istamagan davlat, turgan gapki, yoshlarning qalbi va ongini yot g‘oyalardan ihotalashga harakat qiladi. Bu esa yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish bilan chambarchas bog‘liq. Ertangi kunidan ko‘ngli to‘q, davlatiga ishonadigan xalqning irodasini bukib bo‘lmaydi.
Yigit-qizlarimiz g‘alamislarga ergashib, norozilik namoyishlariga chiqmasligi, o‘z yurti va jamiyatini parokanda qilmasligi uchun ular bilan mafkuraviy yo‘nalishda jiddiy ishlash zarur.
Mana, vatanparvarlik deymiz. U nima o‘zi? Insonni ona tuprog‘i bilan bog‘lab turadigan qadriyatlari bo‘lishi kerak. Uy-joyi, mol-mulki bor makondan kimning ham uzoqqa ketgisi keladi. Shu bois fuqarolarning mulkka egalik huquqini ishonchli kafolatlash juda muhim.
O‘y-fikrlari, reja-maqsadlari beqaror, ijtimoiy muammolar girdobida qolgan odamlar mamlakatning tinchligi va osoyishtaligi haqida qayg‘urmaydi. Ular qorin g‘amida, faqat shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab yashaydi. Bunga aslo yo‘l qo‘ymaslik kerak!
Sotsiologlar oxirgi vaqtda jamiyatda diniy qarashlar ustuvorlik kasb etgani haqida gapirmoqda. Bu ob’yektiv holat. Sababi koronavirus pandemiyasi tufayli odamlar ish joyidan ayrilib, daromadi qisqardi. Mana shunday og‘ir va murakkab vaziyatda inson dindan taskin topishga urinadi.
Bugun aksariyat o‘zbekistonlik yoshlar hayotida diniy qadriyatlarning o‘rni mustahkamlanib borayotgani ham tasodif emas, albatta.
Bunday yoshlarni yo‘ldan urish osonmi?
— Umuman olganda, ha. Chunki din nozik masala. Davlat unda o‘zining ishtirokini saqlab qolishi zarur. Diniy qarashlarni noto‘g‘ri talqin etish orqali butun boshli mamlakatlar urush o‘chog‘iga aylanib qolayotgani bor gap. Bu bilan odamlarning e’tiqod erkinligi bo‘g‘ilsin yoki dindorlar ta’qib qilinsin demoqchi emasman. Ammo inson huquq va erkinliklarini ta’minlash jarayonida dinni niqob qilib oluvchi ekstremistik kuchlarga yo‘l ochib bermaslik kerak. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur masalada nihoyatda oqilona siyosat yuritib, ma’rifiy islomni targ‘ib etmoqda. Bunday yondashuv mafkuraviy tahdidlar bilan bog‘liq xavf-xatarlarning oldini olishga zamin hozirlaydi.

Nargiza UMAROVA