AN’ANAVIY TA’LIMGA QAYTGAN TALABALAR NIMA DEYDI?

Ta’lim masalasi har qanday vaqtda ham kelajakni o‘ylagan jamiyat uchun hamisha dolzarb bo‘lib qolaveradi. Yaqin kunlarda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari bir necha oylik fursatdan so‘ng yana an’anaviy ta’limga qaytish boshlandi. Bunda har bir ta’lim muassasasi o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda reja asosida an’anaviy ta’limni boshlaydi.
Biz bir necha kun oldin an’anaviy ta’limni boshlab yuborgan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalarining o‘qish bilan bog‘liq fikrlarini bilishga harakat qildik.
— Karantin vaqtida o‘qish har kim vijdoniga havola bo‘ldi. Kimlardir internetining tezligi pastligini sabab (yoki bahona) qilsa, yana kimdir boshqa vaj ko‘rsatib deyarli online darslarga qatnashmadi, — deydi 3 kurs talabasi Madina Xajiyeva. — O‘qish qanday shaklda bo‘lsa ham hozirgi pandemiya davrida salomatlik muhim. Talabalarga yotoqxonalar yetishmagach ijara uy topishda qiyinchiliklariga uchrashi tabiiy. Muhimi talabalarning karantin qoidalariga to‘liq rioya qilishiga e’tibor qaratishlari kerak.
— Va nihoyat uzoq muddatli va sinovli ta’tildan so‘ng yana universitetimiz bag‘riga qaytdik! Pandemiya sabab masofaviy ta’lim shakli joriy qilingach, fanlarni online turda o‘ta boshladik, — deydi Aziza Madrahimova. — “Zoom” platformasi va Modul tizimi orqali biz barcha fanlarga oid ma’ruzalar, slaydlar va videroliklar bilan tanishdik. Masofaviy darslar qisman qoniqtirdi. Ammo baribir an’anaviy ta’lim shakli men uchun qulay va o‘z navbatida qadrli. Chunki bu shaklda “internet tezligi” muammosi yo‘q. Telefonga soatlab “mixlanmaysan”. Ayniqsa, biz jurnalistika ta’lim yo‘nalishi uchun an’anaviy darslar muhim deb bilaman. Chunki, bunda dars jarayoni qiziqarli, baxs va munozaraga boy, o‘zaro savol-javob tarzida o‘tadi. Karantin davrida vaqtdan unumli foydalanishga harakat qildim. Jurnalistika bo‘yicha olgan nazariy bilimlarimni amaliyotda qo‘llashga intildim. Ya’ni mahalliy “AmuTV” kanali orqali ilk ko‘rsatuvimni ekran yuziga olib chiqdim. Hozir an’anaviy darslar boshlandi. Va ayni kunlarda darslar qizg‘in. Rejalar bisyor… Tilagim, yurtimizga va butun dunyoga xavf solayotgan koronavirus tezroq insoniyatni tark etsin!
— Online ta’limning afzalliklarini ham karantin davrida yaxshi anglab oldik, — deydi Adilbek Latipov. — Vaqtni tejashi, qulayligi, izlagan axborotni tezda topa olishi. Ochig‘i an’anaviy ta’limda ko‘p vaqtimiz yo‘lga ya’ni kelib ketishga sarf bo‘lardi. Chindan o‘z sohasini chuqur o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga online ta’lim ancha qulay. Buning uchun “dangasalar kitobi”ni chetga surib qo‘yish kerak. Lekin an’anaviy ta’limdagi muhit ham aslida ko‘p narsalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Nima bo‘lganda ham “Talabalik — oltin davrim”ni yana kursdoshlarim bilan birga o‘tkazayotganimdan xursandman. Bu xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilishi uchun har doim karantin hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishimiz lozim. Shunda salomatligimizga ham ziyon yetkazmagan, ta’lim jarayonlarimizda ham bo‘shliq bo‘lmas edi.
Darhaqiqat, an’anaviy ta’limga qaytilgach xotirjamlikka berilmay, hamisha xushyor bo‘lish bo‘lish orqali o‘zingiz va yaqinlaringizning salomatligini asragan bo‘lasiz!

Shaxzodbek YO‘LDOSHEV