Inson zoti borki, dunyoga kelgandan boshlab tinchlikni, hurlikni, osoyishtalikni istaydi. Kurrai zamindagi barcha tirik mavjudotlar ichida o‘z ong-u shuuri bilan ajralib turuvchi zot ham insondir.
Ota-bobolarimiz, momolarimiz dasturxon atrofida o‘tirib duo qilar ekan, avvalo Yaratgandan osmonimiz musaffo, yurtimiz obod, xalqimiz tinch bo‘lishini so‘raydilar.
Ha, albatta, Vatan tinchligi-yu, el omonligidan ortiq yana ne kerak?!
Shu o‘rinda kutilmaganda kelgan “Tojdor virus” haqida gapiradigan bo‘lsam, bu kichik bir sinov, yo‘q bo‘lganda boriga shukr qilib, qadriga yetishni anglatuvchi ayni vaqtdir.
Har kim o‘z imkoniyatlaridan turli yo‘l bilan foydalangani, boshiga tushganini turlicha bartaraf etgani kabi mamlakatimizda ham koronavirus xavfi sezilgan kundanoq aholiga ko‘maklashish, sog‘ligi borasida qilinishi kerak bo‘lgan barcha chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yildi. Yurtboshimiz say-harakatlari, shifokorlar, xavfsizligimiz xodimlarining tinimsiz mehnatlari samarasi o‘laroq, O‘zbekiston pandemiya bilan kurashayotgan butun dunyo davlatlari orasida ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Jumladan, aholining kam ta’minlangan, yordamga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, har bir fuqaroning sog‘ligini nazoratga olish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va shu kabi bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq xayriya aksiyasining tashkil etilishi sinovli kunlarda xalqni birdamlikka, saxovatpeshalik va insoniy qadr-qimmatni oshirishga zamin yaratdi.
Eshitishimga qaraganda, Jizzax viloyati Dashtobod tumanida yashab o‘tgan yoshi ulug‘ bir otaxon vafot etgandan so‘ng bo‘ladigan barcha marosimlarni o‘tkazmasdan, xarajatini yordamga muhtoj, karantin paytida ro‘zg‘or qilishga qiynalayotgan vatandoshlarimizga berishni vasiyat qilgan. Demak, “Har bir ishdan hikmat izlamoq kerak” deganlaridek, kishilar qalbida yo‘qolib borayotgan ijobiy fazilatlar, o‘zbek xalqiga xos urf-odatlar qayta tiklanib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga intilish ortmoqda. Birdamlik hamisha g‘olib bo‘ladi. Ya’ni O‘zbekistonda qayd etilgan virusga chalinish kundan kunga kamayib, sog‘ayotganlar sonining ortib borishi tez orada yaxshi kunlarning kelishiga ishora qilmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida hattoki dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan ham yaxshiroq natijani qo‘lga olganimizdan dalolatdir.
Yana bo‘lib o‘tgan hayotiy voqaeni misol qilib aytadigan bo‘lsam, bir ko‘ngilli insonning hech qayerda ishlamay, ijarada turgan uyining haqini, kommunal to‘lovlarini bajarishga qiynalgan ayolga yordam berishi, bu yordamni hatto ayolga aytmasdan qilishi kishida ajib bir mamnunlik hissini uyg‘otadi.
Darhaqiqat, taniqli rejissor, ssenarist Semyon Vinokur va Xalqaro Kabbala akademiyasi asoschisi Mixael Laytmanning koronavirus va uning oqibatlari borasidagi suhbatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, olimning aytishiga ko‘ra, bu virus insoniyat, ularning o‘z-o‘zilarini qayta taftish qilishi uchun deb tushunilishi lozim.
“Yer yuzida koronavirusdan ham daxshatli bo‘lgan xavflar mavjud. Ammo biz barchasiga bee’tibor bo‘ldik. Xulosa qilish haqida esa o‘ylab ham ko‘rmadik. Bu virus insonlarni shunday holga keltirdiki, atrofga boqib, e’tiborli bo‘lishga, virtual olamdan ham tashqarida hayot borligini eslatishga imkoniyat yaratdi, go‘yoki yosh bolani bir silkitib so‘zingizni tinglashga uringaningiz kabi. Hozir butun insoniyat o‘z uyida. Virus shunday ijobiy harakat manbai. Hech qanday kuchsiz kishilarni oilasi bag‘riga kiritoldi”, — deya o‘z qarashlarini bayon etgan. Menimcha, barchasi shunday. Oqibat, mehr-muruvvat, qadr kabi qimmatbaho tushunchalarni his etish, ijtimoiy hayotda yetakchilik qilish uchun ayni payti desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
“Birgalikda yengamiz”, “Biz birgamiz” kabi shiorlarning hayotga tadbiq etilishi, shunchaki balandparvoz gaplar sirasiga kirib qolmasdan, amalda o‘z ishini ko‘rsatayotganligiga ham guvohmiz. Ya’ni “Saxovat va ko‘mak” umumxalq xayriya aksiyasi doirasida to‘plangan oziq-ovqat, dori-darmon, moddiy yordamlar “Xavfsiz yordam” tizimi orqali aholiga o‘z vaqtida yetkazilmoqda.
Axborot texnologiyalari, xabarlar oqimi davrida yashayapmiz. Shunday ekan, atrofimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lmaslikning iloji yo‘q. Ba’zi davlatlarda fuqarolarning sog‘ligiga e’tibor berilmay, o‘z holicha qo‘yilganligi, achinarlisi karantinni bekor qilib kundan-kunga virusning kuchiga kuch qo‘shuvchi holatlarning yuz berayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu kabi vaziyatlarning faqatgina kuzatuvchisi bo‘lib qolmasdan xulosa chiqarish lozim. Binobarin, “Bugungi kunda faqatgina uyda qolib, insonparvarlik yordamini ko‘rsatish mumkin. Vaziyatning o‘zi shunga imkon berayotgan bir paytda badiiy kitoblarni ko‘proq mutolaa qilishga, oila a’zolarimiz bilan kelajak rejalarini tuzish uchun vaqt ajratishga, nevaralarim va farzandlarimning qaynoq mehrini tuyishga harakat qilyapman. Menimcha, bu mening xalqimga eng katta ko‘magim bo‘lsa kerak” — deydi 70 yoshni qarshilayotgan buvim. Albatta shunday. Butun dunyoda vaziyat keskin va har bir inson, u kim bo‘lishidan, lavozimidan qat’iy nazar nafaqat o‘zining, balki atrofidagi kishilarning ham xavfsizligiga, sog‘ligiga birdek mas’ul hisoblanadi. Shunday ekan karantinning qat’iy talablariga amal qilgan holda, uyda qolib davlatga, tun-u kun tinim bilmay, oilasidan uzoq bo‘lib biz uchun harakat qilayotgan fidoiy insonlarga yordam berishimiz lozim.
Tarix zarvaroqlaridan o‘rin egallaydigan bu kunlarni eslaganda achinish hissini yuvib ketadigan darajada birdam va saxovatli bo‘laylik. Zero, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovlar natijasida virusdan holi bo‘lgan yetakchi mamlakat bo‘lishimizda ham bu muhim hisoblanadi.
Birlashib, biz albatta yengamiz!!!

Sitora YO‘LCHIYEVA