1 bo‘lmasa 0 ning qiymati yo‘q

Kunlardan bir kun fizika-matematika fakulteti professori talabalariga bir umrga tatigulik dars berish niyatida yozuv taxtasiga 1 sonini yozdi va shunday dedi:
— Bu sizning insoniyligingiz. Hayotdagi o‘ta muhim sifat.
So‘ng 1 sonining yoniga 0 ni yozib, dedi:
— Bu siz erishgan yutuqlar, insoniylik bilan birgalikda u sizni 10 barobarga o‘stiradi. Yana bitta 0 — bu tajribalar, u bilan inson 100 bo‘ladi. Shunday qilib, sevgi, muvaffaqiyat va segaklik uchun yana bitta 0… Har bir qo‘shilgan 0 insonni 10 barobar o‘stirib boraveradi.
Daf’atan professor qator boshida turgan 1 sonini o‘chirdi. Yozuv taxtasida foydasiz va hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan 0 lar qoldi.
Professor shunday dedi: Agar insoniyligingiz bo‘lmasa, qolgan hammasi ahamiyatsiz.
So‘ngi kunlarda aholi orasida bu kabi tushunchalar, hislar ancha jonlanib qolgandek go‘yo. Insoniyat boshiga tushgan bu sinovli kunlar ko‘plab o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Ijobiy ma’noda albatta. Bir eslab ko‘ring-a… Hamma o‘zi bilan o‘zi ovvora edi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh urug‘ uyoqda tursin ba’zi aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz farzandi qanday yuribdi, kunni qanday o‘tkazyapti bexabar edi. Nomigagina hol so‘rab, ishdan kech kelganini, shu bolalari uchun yugurib yurganini ro‘kach qilishardi. Oyda bir amallab vaqt topib bobo-buvilarni yo‘qlab turishardi. Hatto ba’zi birovlar pul topish, ish ilinjida sog‘ligidan kechib, shifokor ko‘rigiga borishni keyinga qoldirayotgandi. Kimlardir ba’zi bir illatlarga o‘ralashib qolib vaqtini behuda sarflayotgandi. Pandemiya sharofati bilan insonlar sarhisob qilishni o‘rgandi. Yillab yurtni yomonotliq qilib chet ellarda sarson yurgan ba’zi yurtdoshlarimiz qorasini ko‘rsatdi. Shu kungacha nima qildim, nimalarga erishdim, qanday xotolar qildim, yoki nimalarga ulgurmadim kabi savollarni berishni o‘rgandi. Qaysidir ma’noda pandemiyaning “ijobiy” ta’siri shu bo‘lsa kerak. Insonlar shukr qilishni o‘rgandi. Har bir ishdan hikmat izlashni, faqat yaxshi xayollar, porloq kelajakni tasavvur qilishni va eng asosiysi ishonishni o‘rgandi.
Davlatlar bir biriga yordam qo‘lini cho‘zib, insoniylik burchlarini namoyon qila boshladilar. Kuni kecha O‘zbekistonning uzoq yillik hamkori Polsha davlatidan o‘zbek shifokorlariga gumanitar yordami yetib kelgani fikrimiz isbotidir. Pandemiya davrida hamkor mamlakatlarning do‘stona munosabatlari bir-biriga gumanitar yordam ko‘rsatish natijasida yanada mustahkamlanmoqda.
— 15 tonnali insonparvarlik yordami Polsha davlatidan yurtimizga yetib keldi, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmedov. — Bular: shaxsiy himoya va dizenfeksiya vositalari bo‘lib, zaruratdan kelib chiqib hududiy tibbiyot maskanlariga taqsimlaymiz. Mana shunday sinovli kunlarda mamlakatlar bir-biriga yordam qo‘lini uzatsa o‘ylaymanki yaxshi natijalarga erishamiz. Shuningdek, hamkor davlatlar aro yuborilayotgan bu kabi insonparvarlik yordami do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Mazkur insonparvarlik yordami uchun Polsha davlati hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz.
Mamlakatlar, insonlar o‘rtasidagi bu kabi o‘zgarishlar yuqorida professor yozgan 1 ning hajmini yanada oshirmoqda. Yer yuzida insoniylik kabi tushunchaning yo‘qolib ketmaganini isbotlamoqda.

Ma’mura XUSINOVA