Dunyoda koronavirus tarqala boshlaganiga bir yil bo‘ldi. Shu davr ichida ba’zi malakatlarda iqtisodiy inqiroz davri boshlandi, ishlab chiqarish sifati tushib ketdi, turizm sohasi katta zarar ko‘rdi. Xo‘sh pandemiya davrida ta’lim sifati, xususan oliy ta’lim sifati qay holatga keldi?
XXI asr avvalida dunyoga kelgan, kelajakdan umidlari ulkan va hayotga boshqa rakursdan qarayotgan gʻoʻr bir talabaman. Dunyoni endi taniy boshlagan edim hamki, koʻz oʻngimda jahondagi barcha muvozanatlar oʻzgardi, jahon oʻzgardi. Albatta, bu jarayon tabiiy ravishda yuz bersa, balki, bexabar qolardim. Ammo muvozanatlar oʻzgarishi bilvosita yuz berdi va menga ham taʼsir oʻtkazmay qolmadi. Umrimda birinchi bor uyga qamaldim, umrimda birinchi bor yaqinlarimning ahvoli meni tashvishga soldi, umrimda birinchi bor qoʻrqdim yoki sarosimaga tushdim…
Dastlab online ta’limdan ham qoniqish hosil qildim. Mavzu va topshiriq aniq, ortiqcha muammo yo‘q, deb hisoblardim. Vaqt o‘tib elektron qurilmalarga tikilib o‘tirish, necha yil ilgari tayyorlangan ma’ruzalarni o‘qish odamni zeriktirdi. Keyinchalik tushundimki, ma’ruzani auditoriyada ustozdan eshitish, turli mavzular to‘g‘risida kursdoshlar bilan bahslashish fiklashimni kengaytirgan.
Kursdoshlarimning ko‘pchiligi qishloq va tumanlarda yashaydi. Internet sifati yaxshi bo‘lmagan yoki qishloq joylarda yashayotgan talabalar online ta’lim olyapman degan gapni aytmasa ham bo‘ladi. Har kuni ayniqsa oxirgi sovuq tushgan kunlarda umuman darslarga qatnasha olishmayapti. Elektr toki yo‘q, bunday ob-havoda shundoq ham qoyillatib ishlab qo‘ymagan interneti undan battar yomonlashadi. Qayerga qarasam kursdoshlarim ustozlardan darsda qatnasha olmagani uchun xijolat bo‘lib yurishadi. Ko‘pgina talabalar boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘illanyapti, ishlayapti. Lekin hech birimiz oliy ta’lim tizimida berilishi kerak bo‘lgan bilim tomonlama foyda ko‘ryotganimiz yo‘q. “Uyda qol”ish tizimi talabalarning cho‘ntagiga, sog‘ligiga foyda bo‘lishi mumkin, lekin ta’lim tizimida foyda bermayotgani aniq.
Sifatsiz online ta’lim bugun hech bir nojo‘ya ta’sirini sezdirmayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin ertaga qurilgan binolarning qiyshiq oynalari, noto‘g‘ri muolajaadan aziyat chekkan bemorning ahvoli isitmamizni oshkor qiladi. Yo‘qotayotgan vaqtimizga, amalga oshmay qolayotgan rejalarimizga achinyapman.

Shahribonu RAHMATOVA