Sog‘lom turmush tarzi biz uchun emas(mi?)

Birovdan yashirsangiz ham o‘zizga yaxshi ma’lum — koronavirus sizni oz bo‘lsa ham sarosimaga soldimi? Katta ehtimol bilan shunday! Adashgan bo‘lsam nur ustiga a’lo nur. Ammo bu katta ehtimol bilan haqiqatga yaqin.
Nega? Chunki avval boshida virus haqida yetarli ma’lumotga ega emasdik. Bora-bora u haqida, yuqish yo‘llari, uning insoniyat salomatligiga qanchalik xavf tug‘dirishi, qanday holatda undan saqlanish mumkinligi borasida bilib boraverdik… Ammo ichki hadikimizchi? O‘sha-o‘sha… Nega bilasizmi? Chunki biz o‘z sog‘ligimizga yetarli e’tibor qaratmaganimiz, sog‘lom turmush tarziga yetarlicha amal qilmaganimiz kundek ravshan (yuqorida aytganimizdek o‘z-o‘zimizga).
Jahonda COVID-19ning yuzaga kelishi dunyo ahli qatorida O‘zbekistonda yashovchilar ya’ni aynan bizlarning sog‘lig‘imiz, jismoniy salomatligimiz va eng muhimi sog‘lom hayot kechirish kezi kelganida juda zaifligini ayon bo‘ldi. Ko‘pgina hollarda yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari hamda ortiqcha vaznda shikoyati bor insonlarning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijasi yaxshi ma’lum — oramizdan ko‘plab yaqinlarimizning erta bu dunyodan ko‘z yumushiga sabab bo‘ldi.
Bir o‘ylab ko‘ringchi, biz kerakli xulosa chiqara oldikmi? Yoki hali-hanuz zararli odatlarning etagidan tutib yuribmizmi? Bundan voz kechishning vaqti yetmadimikan? Agarda biz sport bilan doimiy shug‘ullana boshlasak, to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘ysak, gigiena talablariga amal qilsak, sog‘lig‘imizga ziyon keltiradigan vositalardan nari yursak, nafaqat koronavirusning, balki har qanday kasallikning yuqishining oldini olgan bo‘lamiz.
Qish ostonasida turibmiz, ammo allaqachon sovuq nafasi yetib kelgan. Xalqimiz orasida “Qorli kunlarda, sovuqda koronavirus tarqalishi kuchayadi” qabilidagi gap-so‘zlar ko‘paydi. Bunga Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullaeva qorli va sovuq ob-havoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi kuchayishi qanchalik to‘g‘riligiga oydinlik kiritdi:

“Dunyo olimlari, xususan, respublikamiz olimlari tadqiqotlariga ko‘ra, havo harorati qanchalik sovuq bo‘lsa, virusning yashash imkoniyati kuchayishi kuzatilishi ta’kidlamoqda. Havo harorati qanchalik past bo‘lsa, u sovuqda deyarlik uyqu holatiga ketadi, lekin o‘lmaydi, u yoki bu sathlarda, havoda organizmga tushishini kutadi, issiq organizmga tushishi bilan hayot faoliyatini davom ettiradi”.
To‘g‘ri karantin choralarining yurtimizda yengillatilgani, barcha sohalarga bosqichma-bosqich avvalgi rejimga qaytishga ruxsat berilgani quvonarli holat. Ammo hyech birimiz yana qat’iy karantin joriy etilishini istamaymizku. Agarda biz avvalo o‘zimiz va yaqinlarimiz uchun barcha sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilsak, qo‘lni sovun bilan tez-tez yuvib, antiseptik vositalar bilan zararlantirsak, tibbiy niqoblardan to‘g‘ri foydalansak va ijtimoiy masofani saqlasak, karantin qoidalarini kuchaytirishga hojat qolmaydi.
Unutmang: insonlar o‘rtasida karantin madaniyatining mavjudligi koronavirusning oldini olishda samaraliroq! Har birimiz pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz va unga moslashishimiz kerak. Ayni vaqtda yurtimizdagi holat — karantin choralarining yumshatilgani xotirjamlikka emas, barchamizni birdek sergaklikka chorlaydi. Axir tushuning — dunyo bo‘ylab kundan-kunga kasallangan va vafot etganlar soni ortib bormoqda!

Ro‘ziqul OCHILOV