Sogʻlom hayot faqat pandemiya uchunmi?

Tasavvur qilaylik, ayni paytda dunyo miqyosida yaxshi bir yangilik roʻy berdi: Orol dengizining suvi qaytdi, turli xorijiy mamlakatlardagi qirgʻinbarot urushlar butkul tugadi, saratonga chalinganlar sogʻayib ketdi… “Boʻlishi mumkin emas!” – deyishingiz tabiiy. Lekin nega?
Mening bobom yetti yil Ikkinchi jahon urushida qatnashib, omon qaytgan va 60 yil yashagan. Undan oldin qahatchilikni boshdan kechirgan. Lekin shuncha qiyinchilik koʻrsa ham oʻsha davr odamlari sarosimaga tushmagan, ehtimol qalban iztirob chekkandir, ammo hamisha umid bilan yashagan, ortidan yaxshi nom, yaxshi amallar qoldirgan. Mana bugun ularni faxr-u iftixor bilan eslaymiz.
Bugun vahimaga berilgan, narx-navolarni oshirgan, boylikka hirs qo‘ygan, beparvolik “libosi”ni kiygan odamlarni kuzatib, shu oʻylar kechdi xayolimdan. Nazarimda inson avvalo ruhan, qalban salomatlikka intilishi kerak, ana shunda jismoniy salomatlik mustahkamlanadi.
Oʻtgan bir yil butun dunyo ahlining bardoshini chinakamiga sinadi va bu sinov hali yakun topgani yoʻq. Qat’iy karantin davrlarini bir eslaylik. Pandemiya koʻpchilikni mutolaaga, sogʻlom turmush tarziga qaytardi. Ota-onalar ishdan ortib farzandlari bilan boʻlishdi. Tozalikka rioya qilish, taomnomani foydalilari bilan boyitish, jismoniy tarbiyani kundalik odatga aylantirish tartibi kuchaydi. Biroq bugun koʻcha-koʻyda odamlarni kuzatib eski holatga sekinlik bilan qaytilayotganini sezish mumkin. Axir sogʻlom hayot tarziga rioya qilish koronavirusdan boshqa kasalliklarning ham oldini oladi-ku? Atrofimizda million xil dard yashirin. Ammo biz Covid-19ning oʻta yuqumli ekanligiga butun vujudimiz bilan ishonganimiz uchungida undan kuchli himoyalanish choralarini koʻrdik. Aslida, muborak hadislarimizning dalolat berishicha, kasallik (umumiy ma’noda) haqiqatda mavjud. Biroq kimgadir yetgan kasallik birovning sababidan emas, balki Alloh taoloning xohish-irodasi bilangina yetadi.
“Kasallik yuqishi yo‘q, qush bilan fol ochish yo‘q, boyqush yo‘q va safar (safar oyidan shumlanish) yo‘q” (Abu Hurayra r.a.).
Ushbu hadisi sharifga koʻra, kasallikning bir odamdan ikkinchi odamga yuqishi yo‘q narsa ekani tushuniladi. Ammo bugungi kunda kechayotgan voqeliklar buning aksini isbotlamoqda. Hatto qadimiy tib ulamolari ham kasallikning yuqishi mumkinligini tan olishgan.
Yana bir hadisda shunday marhamat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Moxovdan, xuddi arslondan qochganingdek qochgin” dedilar”
. (Imom Buxoriy rivoyati).
Yuqorida keltirilgan hadisi shariflar haqida ulamolarimiz fikriga yuzlanamiz:
“Avvalo, kasallik yuqmaydi, deyilgani, uni butunlay inkor qilish emas. Balki bir odamga yuzlangan kasallik unga ham Alloh taoloni irodasi bilan yetgandir. Shuning uchun “falonchi kasalligini menga yuqtirdi” degan e’tiqodda bo‘lish joiz emas”.
Kimki oʻzini ehtiyotlasa, ya’ni zararli odatlardan, salomatlikka putur yetkazadigan soʻzla-u harakatlardan tiyilsa, albatta sogʻlom boʻladi.
Zamondoshlarimiz orasida keksa boʻlishiga qaramay, tetik va baquvvat insonlar talay. Biz ulardan biri mehnat faxriysi Olimhoji YOʻLDOSHEV oʻz hayot tajribalaridan kelib chiqib shunday deydi:
– “Nega ilgarigi zamon odamlari nisbatan uzoq va sogʻlom yashashgan? Sababi havo toza, odamlar esa koʻp jismoniy harakatda boʻlgan, ozodalikka, tartibli ishlashga qatʼiy rioya qilgan, koʻcha ovqatini yemagan, fast-fud degan narsalar-ku umuman boʻlmagan ilgari. Fikrimcha, har qanday kasallik tashqi muhit oqibatida emas, insonning oʻz sogʻligʻiga oʻzi befarqligidan kelib chiqadi.
Men olti yoshimda ot boqish bilan mehnatni oʻrganganman. Mana bugun 82 yoshdaman va umr boʻyi qishloq xoʻjaligi sohasida ishladim. Hozir nafaqadaman, ammo uyda ham tinim bilmayman: hovlimizga sabzavotmi, mevali daraxtmi ekib, nevaralarimga nimadir yetishtirishga intilaman. Bugun butun dunyoga tojdor virus xavf solib, ozodalikka qatʼiy amal qilishga, koʻchadan mahsulot olishda ehtiyotkor boʻlishga daʼvat etilayotgan bir paytda bu juda koʻmak beryapti.
Koronavirus nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo xalqlariga Tangri tomonidan berilgan sinov. Inson nafaqat oʻzining, balki yeydigan, ichadigan, kiyadigan narsalarining tozaligiga eʼtiborli boʻlsa unga hech qanday kasallik yuqmaydi. Shunday qilsa bemorlarning emas, sogʻayganlarning safi kengayishiga koʻmak bergan boʻladi”.
Pandemiya biz unutayozgan sogʻlom turmush tarzini yodimizga soldi, oʻzimizga, atrofimizga eʼtiborli va ehtiyotkor boʻlishni oʻrgatdi. U oʻrgatgan qoidalarga karantindagina emas, undan keyin ham amal qilsak, kelgusida bu kabi tahlikali holatlar takrorlanmaydi. Zero, salomatlik umr mazmunini belgilaydi. Dardli tanaga dunyo noz-ne’matlari-da totsiz koʻrinadi… Oʻzingizni ehtiyot qiling!

Dilshoda OLIMOVA