Pandemiya davrida yurtimizda kasallikning tarqalishini oldini olish, bemorlarning tezroq tuzalishiga harakat qilishga qaratilgan amaliy ishlarning ijobiy natijasi kishini quvontiradi. Ammo bu xotirjamlikka berilish, bee’tibor bo‘lish kerak degani emas albatta. Yagona yo‘l — sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, sport bilan muntazam shug‘ullanishdir. Bu ayni damdagi epidemiologik vaziyatda muhim vazifalardan biri.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabr kunidagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ham aynan fuqarolar salomatligini asrab-avaylashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur farmonda nazarda tutilgan vazifalarning amaliy ijrosi allaqachon boshlab yuborilgan. Navoiy viloyatida ham “Salomatlik sari 5000 qadam” shiori ostida o‘tkazilgan yurish mashqlari, viloyat markazida badantarbiya mashg‘ulotlari tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan sport tadbirlari viloyat miqyosida tashkil etilayotgan bo‘lib, hududlardagi mahallalar kesimida aholining barcha qatlami keng jalb etilmoqda. Navoiy shahridagi “Umid” hamda “Bahor” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirokida jismoniy mashqlar namunali tarzda tashkil etilgan bo‘lib, mazkur tadbirlarda 50 dan ortiq yoshlar va keksalar ishtirok etishmoqda.
Aholining uyushmagan yoshlar qatlamini sport mashg‘ulotlariga jalb qilish maqsadida zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan fitnes mashq zallari hozirlangan. Ularni sportga yana ham qiziqtirish maqsadida turli musobaqalar ham o‘tkazilib kelinmoqda. Yaqinda Navoiy shahridagi “Xoncharbog‘” mahallasi yoshlari o‘rtasida sportning badminton turi bo‘yicha musobaqa qizg‘in kechdi. Bundan tashqari mini futbol va shaxmat-shashka musobaqasi ishtirokchilariga viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlari tomonidan badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Shu kuni 11-12 yoshlilar o‘rtasida Mini futbol bo‘yicha o‘tkazilgan Navoiy viloyat birinchiligi ham bo‘lib o‘tdi. Unda 1-o‘rinni Navoiy shahar BO‘SM, 2-o‘rinni viloyat Ixtisoslashtirilgan BO‘SM, 3-o‘rinni Karmana tumani BO‘SM yoshlar jamoalari egallashdi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bu albatta yoshlarni ruhlantirish, ma’naviy rag‘batlantirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish yo‘lidagi harakatlardir. Bu orqali yoshlarni jismonan sog‘lom bo‘lishlari hamda turli kasalliklarga qarshi mustahkam immunitet shakllanishiga yordam beradi. Viloyat bo‘ylab bu kabi sport tadbirlari keng miqyosda ommalashtirilmoqda.

Ro‘ziqul OCHILOV