Mamlakatimizda yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash va umummilliy maqsadlarimizga mos, bilimli, jismonan va ma’naviy sog‘lom, barkamol insonlarni shakllantirish dolzarb vazifalaridan biridir.
Sharqda oila, Vatan himoyasi yigitlar zimmasidagi sharafli burch hisoblanadi. Shuning uchun yigitlarni tug‘ilganidan boshlab jamiyat, xalq, Vatan ravnaqi uchun ham ma’nan, ham jismonan tayyorlash har bir ota-ona, o‘qituvchi-murabbiy, keng jamoatchilikning vazifasi hisoblanadi. Jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilish, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, Vatan sarhadlarini himoya qilish, oilalarning farovonligini ta’minlashda er-yigitlarning mas’uliyatini yanada oshirishga katta e’tibor qaratish lozim. Barkamol insonni tarbiyalashda faqat o‘qituvchigina emas, ota-onalar, hatto keng jamoatchilik ham faol qatnashishi zarur.
Bola tarbiyasiga yosh va jins xususiyatlarini, uning rivojlanishida fiziologik-psixologik, pedagogik omillarni hisobga olgan holda yondashish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yosh o‘smir yigitlarni mustaqil hayotga tayyorlash tizimini tadqiq etish dolzarb pedagogik muammolardan sanaladi. Sababi o‘smir yigitlar mamlakatimiz kelajagi, jamiyatning faol fuqarosi, bo‘lajak oila boshlig‘i va otadir. O‘smir yigitlarni mustaqil hayotga tayyorlashga doir tadqiqotlar kam olib borilayotgani bu muammoni ilmiy-pedagogik jihatdan tadqiq etish zaruratini keltirib chiqaradi.
Pedagog va psixolog olim V.A.Suxomlinskiy o‘smir yigitlarda uch narsani: «yigitlik burchi, yigitlik mas’uliyati hamda yigitlik nomusi»ni tarkib toptirish zarurligini ta’kidlaydi. Haqiqatan ham, o‘smir yigitlar ongida burch, mas’uliyat va or-nomus tushunchalarini tarkib toptirish — bu kelajakda yaxshi o‘g‘il, g‘amxo‘r ota ishonchli do‘st, haqiqiy vatanparvar fuqaroni tarbiyalash demakdir.
Psixolog olim M.G.Davletshinning ilmiy xulosasiga ko‘ra, qiziqishlar o‘quvchilar xarakterining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi va o‘smir shaxsini shakllantiradi.
O‘g‘il bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalashning tarkibiy qismi bo‘lib, avvalo, u sog‘lom turmush tarzini shakllantirish negizida qaror topadi.
Ma’lumki, o‘smirlik davrida o‘g‘il bolalarning xulq-atvorida salbiy alomatlar kuzatiladi. Masalan, qaysarlik, o‘jarlik, o‘z kamchiliklarini tan olmaslik, o‘qituvchiga buysunishdan bosh tortish kabi odatlar o‘qituvchiga ancha qiyinchilik tug‘diradi. O‘qituvchi o‘z pedagogik mahorati bilan o‘smirning yomon yo‘llarga kirib ketishining oldini olishi kerak. Shu boisdan pedagok o‘quvchining psixologik holatini baholay bilishi zarur.
O‘g‘il bolalar tarbiyasida ta’lim-tarbiya jarayonida uzluksiz, izchil, innovatsion yondashuvlarni ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Ta’lim jarayonida suhbat, bahs-munozara, uchrashuv, ekskursiya hamda amaliy mashg‘ulotlar (ijodiy insholar yozish, referat tayyorlash, test nazorati, badiiy chiqishlarni tashkil etish va boshqalar) kabi shakl va metodlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bolaligidan yoki o‘smirlik davridan yigitlar bilan bo‘ladigan suhbatlarda, tarbiya jarayonida va dars mashg‘ulotlarida mustaqil harakati uchun sharoit yaratib berish, ular bilan suhbatda quyidagi savollarni berib borish foydadan xoli bo‘lmaydi:
– mustaqil hayot o‘zi nima, uni qanday tashkil etish lozim?
– kuchli iroda nima?
– vatanparvar, xalqparvar bo‘lmoq uchun qanday axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirmoq zarur?
– ma’naviy va jismoniy sog‘lom rivojlanishda qaysi asar qahramonlariga taqlid qilmoq kerak?
– qanday kasbni tanlasa, ertaga hayotda o‘z o‘rnini topadi?
– qanday axloqiy-ma’naviy fazilatlarni egallashga harakat qiladi?
– nima yaxshi-yu, nima yomon degan savolga dars materiallari, atrof-muhit, jamoatchilik, oiladan javob topishi, qiyosiy tahlil qilishi, xulosa chiqara bilishi ularni mustaqil fikrlashiga amaliy yordam beradi.
Yigitlarni mustaqil hayotga tayyorlash uchun o‘qituvchilarni shu jarayonga tayyorlash, dastur va darsliklar mazmunini hayot talablariga mos takomillashtirish, sinfdan va maktabdan tashqari ishlar mazmuni, shakl va metodlarining samaradorligini ta’minlash, jahon va mahalliy tajribalardan foydalanish, ushbu muammoning ilmiy-metodik ta’minotini yaratish, tarbiyaviy ishlarni pedagogik va psixolog mutaxassislar bilan birga amalga oshirish zarur.

Anjim SHAMSHETOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi harbiy-texnik Instituti “Pedagogika-Psixologiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent

Firdavs ESHBOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi harbiy-texnik instituti kursanti