SOG’LOM TURMUSH TARZI DIQQAT E’TIBORDA

Inson qachon kasal bo‘lmaydi? Qachonki to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilsa, sport bilan muntazam shug‘ullansa, vaqtida dam olsa va tibbiy savodxonlikka ega bo‘lsa, hayot kasalliklardan holi bo‘ladi. Bularning barchasi bir butun holda sog‘lom turmush tarzi deb ataladi. Xo‘sh, siz sog‘lom turmush tarziga nechog‘lik amal qilasiz?
Bugun mamlakatimizda keng jamoatchilikning tibbiy madaniyatini oshirish, ayniqsa, yoshlar orasida salomatlikdek bebaho boylikni asrab-avaylash lozimligi keng targ‘ib etilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, salomatligimizni o‘z vaqtida qadrlash bilan ko‘plab xastaliklarning oldini olishga muvaffaq bo‘lamiz.
Prezidentimizning joriy yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda turli amaliy ishlar bajarilmoqda. Jumladan, Xorazm viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bu galgi tadbir “Sog‘lom turmush uchun 5000 qadam” deb nomlandi. Unda IIB shaxsiy tarkibi oila a’zolari hamrohligida Urganch shahrining Al-Xorazmiy nomidagi shoh ko‘chasida yig‘ildilar.
Marafon ishtirokchilarining takliflarini inobatga olgan holda har haftaning shanba kuni ichki ishlar organlari xodimlari hamda ularning oila a’zolari ishtirokida sportning yurish, yugurish kabi ommaviy turlari bo‘yicha marafonlar o‘tkazish rejalashtirildi.
Shuningdek, mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va keng jamoatchilik orasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu kabi tadbirlar har bir fuqaroda kasallikka qarshi kurashish, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilish, ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish borasida keng qamrovli tushunchalar bermoqda.
Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘tkazilishini kutib o‘tirmay har bir fuqaro o‘z sog‘lig‘i uchun kurashishi, muntazam sport bilan shug‘illanib, sog‘lom turmush tarzini yaratishi lozim. Ana shunda hech qanday kasallik bizga xavf sola olmaydi, aksincha kasallikni davolash emas balki uning oldini olgan bo‘lamiz.

Sumbuloy NURMETOVA