Siqilishga o‘rin yo‘q!

— Xolidaxon, eshitdingizmi?
— Nimani?
— Kunlar sovib ketdi. Endi kasallik yanada ko‘payarmish. Issiq kunda-ku bir amallasa bo‘lardi. Sovuqda kasalga chalinganlarning holiga voy emish…
— Voy o‘lmasam, endi nima qilamiz. Uyda keksa qaynanam bor. O‘zi bir ko‘nglimga kelgandi, havo sovigani sari ko‘paymasa deb. Yaxshiyam aytganingiz, bugunoq dadasiga aytaman, bolalarning o‘qishini online rejimga o‘tkazib, oziq-ovqatni g‘amlab qo‘ying deyman…
Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra ayollar mavjud vaziyat yuzasidan ko‘proq vahimaga tushib, stress holatini boshdan o‘tkazar ekan. Shuningdek, ayollar boshqalarga ham ta’sir etish kuchiga ega. Yuqoridagi holatga hayotimiz davomida turli voqea va hodisalar misolida guvoh bo‘lamiz. Vaziyatni to‘liq tushunmasdan o‘z qarichimiz bilan o‘lchab, xulosa yasaymiz.
Xo‘sh, stress nima? Undan qutilish yoki bu vaziyatga tushmaslik uchun nima qilish kerak?
Stress — odam va hayvonlarda kuchli taassurotlar natijasida sodir bo‘ladigan o‘ta hayajonlanish, asabiylik holati. Sizdagi stress holati qay darajada ekanligini aniqlash uchun quyidagi testni e’tiboringizga havola qilamiz.
Ilgarilari buvijonlarimiz qay tarzda kir yuvganini bir eslang. Ayollar suv tashib, isitib, kirlarni qo‘lda yuvib, arqonga ilgan. Havoning buzilishi yuvilgan kirlarning qurimasligiga sabab bo‘lgan. Bu kabi havoda kir yuvish ham yaxshi g‘oya emasdek ko‘rinadi go‘yo. Bu holat hozirgi kunda ham kuzatiladi. Faraz qiling, siz shu tartibda kir yuvasiz. Kirlar yig‘ilib qolgan, havo esa aynib, yomg‘ir yog‘ay deb turibdi. Xo‘sh, bunday vaziyatda siz qanday ish tutasiz?
Javoblardan faqat bittasini tanlang:
1. Endi ertaga kir yuvamanmi? Nima kiyaman?
2. Biroz kutaychi, balki yana quyosh chiqib qolar…
3. Bugun kir yuvmaydigan bo‘ldim! Havo aynib tursa kir ham yuvilmaydi-da…
4. Yomg‘ir yog‘adimi, qor yog‘adimi, baribir shu kirni yuvaman!
Javoblar tahlili:
“1. Endi ertaga kir yuvamanmi? Nima kiyaman?”
Bu kabi fikr yurituvchilarda stress 80 foizni tashkil etadi. Ularda mayda-chuyda narsalarga ham jizzaki bo‘lib, asabiylashish holati mavjud. Arzimagan narsaga ham kayfiyatni tushirib, urishib qolishadi. O‘zingizning sog‘lig‘ingiz haqida o‘ylash vaqti kelmadimikan? Bunday tarang asablar bilan yashash sog‘liqqa va munosabatlarga putur yetkazadi. O‘zingizga ko‘proq vaqt ajratib, dam olishni unutmang.
“2. Biroz kutaychi, balki yana quyosh chiqib qolar…”
Ushbu javob egalarida stress holati 50 foiz. Siz kutgan yechim bo‘lmasa ham o‘zingizni tuta olasiz. Ammo murakkab vaziyatlarda asabiylik, tushkunlik sizni qamrab olishi mumkin. Ichga yutish o‘rniga, hamma narsada, bo‘lgan voqea-hodisalarda ham yaxshilikni ko‘ra bilish kerakligini tavsiya qilamiz.
“3. Bugun kir yuvmaydigan bo‘ldim! Havo aynib tursa kir ham yuvilmaydi-da…”
Bu kabi fikr egalarida stres 0 foiz, ya’ni hech qanday stres alomatlari yo‘q. Siz hech ikkilanmay “Daryo toshsa ham to‘pig‘imga chiqmaydi”, deya olasiz. Bu kabi insonlarga uncha-buncha narsa yoki voqea-hodisa ta’sir o‘tkazmaydi. Siz juda ham vazmin va sokinsiz. Asablaringiz mustahkam. Turli streslarga chidamlisiz.
“4. Yomg‘ir yog‘adimi, qor yog‘adimi, baribir shu kirni yuvaman!”.
Bunday fikrlovchilarda stress holati 100 foiz. Siz o‘z hayotingizdagi hamma narsalarga asabiy nigoh bilan qaraysiz. Real hayotga moslashmaslik, uni o‘zgartirishga urinish sizni qiynaydi.
Xo‘sh, siz qaysi guruhga mansubsiz?
Pandemiya davrida odamlarda stressga beriluvchanlik bir muncha ortdi. Kasallik yuqtirib olishdan qo‘rqish, yaqinlari to‘g‘risida qayg‘urish, ertangi kunga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi kabi salbiy holatlar karantin davrida ko‘paydi. Kasallik ortga chekinib, bemorlar soni kamayganda ko‘nglimiz biroz taskin topganday bo‘ldi. Ammo kunlar sovib, yuqoridagidek turli mish-mishlar tarqala boshlagani sari har birimizda havotir jonlanib, stress holatiga qaytishimiz mumkin. Ammo bunga yo‘l qo‘ymaslik, o‘zingizga bog‘liq.
Avvalo, o‘zingizdagi salbiy holatlarni boshqarishga harakat qiling. Dastlab nimadan havotirga tushayotganingizni aniqlang. So‘ng uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiring. Bajargan ishingizdan faqat ijobiy natijalarni izlang. Shaxsiy olamingizdan saqlaning, o‘zingizcha fikr yuritib, xulosa chiqarib qo‘ymang. Diqqatingizni turli salbiy axborotlarga qaratmang. Ijtimoiy tarmoq orqali kelgan har qanday xabarga ham ishonib, atrofdagilaringizni bezovta qilmang. Avvalo xabarning ishonchliligini tekshiring!
O‘zingiz kabi o‘zgarishni istayotgan hamfikrni toping. Bir-biringizga erishgan eng kichkina yutuqlarni ham gapirib berishga kelishib oling. Shunda o‘zingizni avval o‘rtog‘ingizga, so‘ng boshqalarga tan oldirish uchun kattaroq ishlarni bajarishga rag‘batlantirgan bo‘lasiz.
Shu tariqa sizda kelajak maqsadlarga tomon odimlash hissi paydo bo‘ladi. Eng asosiysi kelajakka umid bilan qarang. Maqsadlaringizga erishish yo‘lidagi ishlarni rejalashtiring. Shunday reja tuzingki, u bilan band bo‘lib kasallik haqida unuting. Ana shunda sizda porloq kelajakka umid, ishonch qayta jonlanadi.

Zilola TO‘LAGANOVA,
Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaz psixologi