Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan bo‘lib, hozir aholi va yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ommaviy sport tadbirlariga keng jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning barcha sport musobaqalarida faol qatnashishini ta‘minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 24-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida Jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5924-son hamda 2020-yilning 30-oktabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 6099-son farmonlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, 2020-yil 9-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining «Sportning armrestling turi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston kubogini o‘tkazish to‘g‘risida»gi 1542-sonli buyrug‘iga asosan hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli olib borish va yoshlarni sportga keng jalb qilish maqsadida joriy yilning 11-13-dekabr kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida sportning «Armrestling» turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu musobaqada Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 200 dan ortiq sportchilar o‘zaro kuch sinashdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqada, FVV Akademiyasi 4-bosqich kursanti Hurmatillo Madazimov 75 kg vazn toifasida o‘ng qo‘l bilan bitta oltin va chap qo‘l bilan bitta bronza medallarini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi.
Musobaqa yakunida sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
–Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish va uning ommaviyligini oshirish, aholining turli qatlamlari, xususan, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi Akademiyaning «Harbiy va jismoniy tarbiya» kafedrasi o‘qituvchisi, katta leytenant Rustam Choriyev. – Ushbu islohotlarni hayotga tatbiq qilishda murabbiylardan tashkilotchilik va jonbozlik talab etiladi. Albatta, biz ham yoshlarimizga namuna bo‘lishga harakat qilyapmiz.

Farhodjon XOJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi o‘qituvchisi, kapitan.