Xabaringiz bor, joriy yilning 18-21-dekabr kunlari Toshkent shahar hokimligi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida poytaxtda ilk marotaba “Toshkent yoshlar forumi — 2020” o‘tkazilishi belgilangan edi.
“Toshkent yoshlar forumi — 2020”da O‘zbekiston tarixida ilk marotaba hukumat a’zolari bilan yoshlarning uchrashuvi tashkil qilinib, o‘zaro ochiq muloqotga kirishishlari rejalashtirilgan edi. Bugun “Congress hall”ning Shosh zalida forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Amrillo Inoyatov ishtirokida “Ijtimoiy soha – 2030: ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi istiqbollari” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Unda yaqin o‘n yillik ichida ta’lim tizimida kutilayotgan natijalar, belgilangan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi. Xuddi shuningdek, mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimidagi yangiliklar, kadrlar masalasi va tizimdagi kelgusi yangiliklar xususida ochiq muloqot qilindi. Yoshlar tomonidan o‘rtaga tashlangan savollarga hukumat vakillari javob qaytardi.
Kunning ikkinchi yarmida adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov “Huquqiy Toshkent – 2030” mavzusi atrofida yoshlar bilan yuzma-yuz uchrashdi. Yoshlarni huquqiy sohadagi yangiliklardan boxabar etish barobarida huquqiy savodxonlikni oshirish bugungi kun talabi ekanligini tushuntirishdi.
Kun yakunida “Debyut” — qisqa metrajli filmlar tanlovi o‘tkazildi.
Davom etayotgan forum doirasida “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalari, “Munozara”, “Kviz” intellektual o‘yinlari, bolalar ijodiyoti festivali, “Yoshlar teatr festivallari”, “Yosh kitobxon oila”, “1+1” tadbirkorlik loyihasi, “Yangi Toshkent qiyofasi” tanlovi, “Yoshlar va media” tanlovi, “Talabalar festivali” kabi ko‘plab loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, forum doirasida yoshlarning zamonaviy qahramonlari bilan uchrashuvlar, istiqbolli loyihalar taqdimoti, san’at festivallari va tanlovlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi turli soha va tarmoqlar taraqqiyoti 10 yildan keyin qanday bo‘lishi muhokama etiladi. Sohalar bo‘yicha oldinda turgan muammolar va ularga yechim topish bo‘yicha yoshlar bilan fikr almashinib, takliflar o‘rtaga tashlanadi.
Tadbirda faol ishtirok etgan, yil davomida vatanparvarlik va fidoyilik fazilatlarini o‘zida namoyon qilgan yoshlar taqdirlanishi, rag‘batlantirilishi kutilmoqda.

Nodirbek Ibodullayev