Joriy yil 19-dekabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29-yilligi» hamda 14-yanvar – «Vatan himoyachilari kuni» arafasida o‘tkazilayotgan «Vatanparvarlik oyligi» doirasida «Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni» nomli harbiy-vatanparvarlik qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil qilingan ko‘rik-tanlovda shoir va bastakorlar, ijodiy va havaskor badiiy jamolar, ansambllar, yakka ijrochilar, harbiy xizmatchilar hamda o‘quvchi-kursantlar ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan maqsad harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida ijod qilayotgan shoirlar, kompozitor va bastakorlar hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish hamda ko‘plab yosh iste’dodlar va musiqiy asarlarni yuzaga chiqarishdan iborat.
Qizg‘in bahs-munozalarga boy bo‘lgan ko‘rik-tanlovda saf qo‘shiqlari, estrada qo‘shiqlari, lirik qo‘shiqlar nominatsiyalari bo‘yicha jami
44 nafardan ortiq harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida ijod qilayotgan professional va yosh shoirlar, bastakorlar, yakka va ansambl jamoalari ijrosidagi qo‘shiqlar matni va musiqaning badiiy saviyasi, mazmuni, ijrochilik mahorati, sahna rejissurasi hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Tanlovda estrada qo‘shiqchiligi yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi boshlig‘i podpolkovnik Savriddin Najmiyev ijrosidagi Vatanni madh etuvchi «Muqaddassan jon qadar» qo‘shig‘i 2-o‘ringa munosib ko‘rildi.
– Akademiyada tashkil etilgan badiiy-havaskorlik to‘garaklarida biz faol qatnashib, cholg‘u asboblarini chalishni hamda turli yo‘nalishlarda kuy-qo‘shiqlar ijro etishni o‘rganib kelmoqdamiz, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining 3-bosqich kursanti Bekjon Dusimov. – Men badiiy jamoamiz bilan birga kelgusida nafaqat respublika balki xalqaro festivallarda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritishni maqsad qilganman.

Farhodjon XOJAYEV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi o‘qituvchisi, kapitan,
Bobur ABDUJABBOROV,
5-bosqich kursanti