Xalqaro press-klubning “Pandemiyaga qarshi kurashda milliy tajriba” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Sessiyada ko‘rinmas dushman bilan olib borilayotgan kurash, amaliy ishlar va kelgusi rejalar haqida so‘z bordi.
Insoniyat shu kunga qadar ne-ne sinovli kunlarni boshidan o‘tkazdi. Urush, kasalliklar va boshqalar. Yil sarhisobini qilar ekanmiz birinchi navbatda yil avvaliga e’tibor berish kerak. 2020-yilda insoniyat hayotiga kirib kelgan kasallik hech bir davlatni chetlab o‘tmadi. Сovid-19 infeksiyasi bilan insoniyat qurolsiz jang olib bormoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
— Bugungi kunda mamlakatimizdagi koronavirus bo‘yicha nisbatan barqaror vaziyat nimalar evaziga ta’minlangan? — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov. — Birinchi navbatda, bu huquqiy asoslar takomillashganligidan. Ikkinchidan, moddiy-texnik bazani kuchaytirishga berilgan e’tibor tufayli. Yangi qurilishlar, ta’mirlash va jihozlash ishlarining amalga oshirilgani. Shuningdek, dori ta’minotiga, kadrlar salohiyatiga ham katta e’tibor berilib, mahalliy ishlab chiqarishda ham sezilarli o‘zgarishlarning bo‘lganligidir.
Yig‘ilishda pandemiya davrida fidokorona xizmat ko‘rsatib, jonini fido qilgan shifokorlar va boshqa soha hodimlari xotirasini abadiylashtirish choralarini ko‘rish taklifi ilgari surildi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari malakasini yanada oshirish, dunyo tajribalaridan kengroq foydalanish haqida fikr yuritildi.

Ma’mura XUSINOVA