Sport sog‘lik garovi

Tarixda insoniyat vabo, parranda gripi, o‘lat va turli tabiat ofatlarini boshdan kechirgan. Koronavirus insoniyat hayotida mutlaq yangi, kutilmagan ofat bo‘ldi, desak adashmaymiz. Dunyodagi epidemiologik vaziyat tufayli rejalar o‘zgardi, iqtisodiyot qaqshatgich zarba oldi, xalqaro aloqalar bir muncha sustlashdi.
Har bir mamlakat o‘z kuchi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish siyosatini olib bormoqda. Bu borada yurtimizda ham sezilarli darajada amaliy ishlar bajarilmoqda. Aholi salomatligi va xotirjamligini saqlab qolish, sog‘lom turmush tarzini tatbiq qilish bo‘yicha davlat darajasida qator hujjatlar imzolanib, ijrosi ta’minlanmoqda.
Prezidentimizning “Sog‘lom turmush tarzini hayotga tatbiq etish va ommaviy sportni revojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ham fikrimiz isbotidir. Hujjat ijrosi doirasida Milliy olimpiya qo‘mitasi amaliy ko‘magida Respublika sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazi tomonidan “Sport targ‘ibotchisi” shiori ostida musobaqa tashkil etildi. Unda Respublika sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazining tibbiyot xodimlari, Olimpiya sport turiga kiruvchi sport federatsiya va assotsiatsiyalar shifokorlari, sport federatsiyasi psixolog va dietologlari hamda Toshkent shahar bolalar va o‘smirlar sport maktabi shifokor va massajistlari ishtirok etdi.
Bahslarda ishtirokchilar to‘rt yo‘nalish: stol tennisi, mini futbol, badminton va malakaviy savol-javob shartlari bo‘yicha kuch sinashdi. Savol-javob shartida “Sport Med”, mini futbol shartida “Toshkent”, badminton shartida “Optimistlar”, stol tennisi shartida esa “Yoshlik” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Musobaqalar so‘ngida g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu kabi musobaqalar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, ommaviy sportning rivojlanishiga xizmat qiladi. Insonlarning kun sayin sport bilan do‘stlashishiga turtki bo‘ladi.

Ma’mura XUSINOVA