Fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini kuchaytirish uchun birinchi navbatda sud hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish lozim. Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi vakolatlarini maqbullashtirish, uning ish uslubini tubdan qayta ko‘rib chiqishga zarurat bor edi. Bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fikrimiz isbotidir.
Farmonda amalga oshiriladigan ishlar tizimli ravishda belgilab olindi. Jumladan, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha respublika va hududiy kengashlar tashkil etildi. Kengashlarning asosiy vazifalari davlat ijrochilari oldidagi to‘siqlarni bartaraf etish, ularga ko‘maklashish, ijro sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi hududiy kengashida ham amaliy ishlar boshlandi. Bugungi kunda, ijro harakatlari bo‘yicha davlat idoralariga kelib tushayotgan murojaatlarning 68 foizi alimentlar bilan bog‘liq.
Mazkur ijro hujjatlari bo‘yicha davlat ijrochisi aliment oluvchi ayol e’tiroz bildirib, ariza yoki shikoyat bilan kelgandan so‘ng, ijro ishlari bajarilar edi. Hozir esa, yo‘nalishda yangi tizim joriy qilinmoqda.
— Aliment undirish bilan bog‘liq hujjatlarni soddalashtitish va osonlashtirish maqsadida plastik kartalari joriy qilinadi, — deydi MIB Toshkent viloyat boshqarmasi katta inspektori Abduhayot Shokirov. — Bunda undiruvchilar bevosita hisob varaqalari orqali tushayotgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida olishlari, qarzdor ish haqidan undirilayotgan pul mablag‘larini plastik hisob raqamlariga vaqtida tushayotganligini nazorat qilish maqsadida aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat etish yagona axborot tizimi tashkil etiladi. Qulayliklardan biri shuki, davlat ijrochilari tomonidan nazoratga olinadi. Har bir undiruvchini ijro hujjati yuzasidan tushayotgan aliment pul mablag‘larini o‘z vaqtida online kuzatib borish immoniyati yaratiladi. Natijada fuqarolarning aliment yuzasidan murojaatlariga hojat qolmaydi, hammasi online nazorat ostida bo‘ladi.
Joriy yilning noyabr oyidan boshlangan tadbirlar natijasida 479 ta oila yarashtirilib, aliment bo‘yicha 2 milliard 827 million so‘m qarzdorlik undirildi. Shuningdek, 269 nafar qarzdor ota ishga joylashtirildi. Aliment bo‘yicha tomonlarni targ‘ibot va tashviqot yo‘li bilan kelishtirib, imkoni bo‘lsa, oilalarni tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, joylarda boshqa idoralar bilan ham hamkorlikda undiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda. Natijada 13 milliard 716,5 million so‘mlik ma’muriy jarimalar qoplangan. Shundan 6,9 milliard so‘mlik qarzdorlik Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi bilan birgalikda undirilgan jarimalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yana bir muhim jihat: joriy yil 1-dekabrdan boshlab 6 turdagi ijro hujjatlari bo‘yicha davlat foydasiga undiriladigan mablag‘lar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab quvvatlash uchun proporsional tartibda yo‘naltiriladi.
Asosiysi, qabul qilingan yangi farmon sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirishga, majburiy ijro byurosining faoliyat samaradorligini oshishiga xizmat qiladi.

Ma’mura XUSINOVA