BAYRAMDA QANDAY OVQATLAR TAQIQLANADI?

Inson salomatligining 55 foizi turmush tarziga, 17 foizi ekologiyaga, 18 foizi irsiyatga, 10 foizi esa tibbiy yordamga bog‘liqligi mutaxassislar tomonidan aniqlangan. Ko‘rganingizdek, salomatlikni mustahkamlashda turmush tarzining o‘rni katta.
Sog‘lom turmush tarzi — inson salomatligini yaxshilash va muhofaza qilishga qaratilgan faol harakatdir. Sog‘lom turmush tarzining tibbiy madaniyat, shaxsiy gigiyena, to‘g‘ri ovqatlanish, kun tartibiga rioya qilish, zararli odatlardan voz kechish, ekologik tarbiya, ruhiy salomatlikni asrash va jismoniy harakat kabi yo‘nalishlari mavjud. Har bir yo‘nalish inson hayoti, saomatligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Keling bugun to‘g‘ri ovqatlanish haqida to‘xtalsak.
To‘g‘ri ovqatlanish insonning hayot faoliyati, me’yoriy o‘sishi va rivojlanishini ta’minlaydi, salomatligini mustahkamlaydi hamda kasalliklarning oldini olishda yordam beradi. Natijada inson salomatligi mustahkamlanadi, immuniteti oshib, jismoniy barkamollikka erishadi.
To‘g‘ri ovqatlanish borasida mutaxassis — tibbiyot fanlari nomzodi, dietolog Ilhom Otajonov fikrlariga quloq tutamiz:
— Inson kun davomida sarflagan inergiyasini to‘g‘ri ovqatlanish natijasida qoplashi lozim. To‘g‘ri ovqatlanish qoidalari 6 tani tashkil etadi. Bular:
1. Kun davomida sarflangan inergiya to‘liq qoplanishi kerak.
2. Kunning ma’lum bir qismida, ma’lum bir vaqtda ovqatlanish lozim.
3. Kun davomida iste’mol qilingan oqsil va uglivodlar me’yorida bo‘lishi zarur.
4. Oziq-ovqat mahsulotlarining epidemiolik jihatdan sifatli va xavfsizligi.
5. Oziq-ovqat mahsulotlarining vitamin va mineral moddalarga boyligi.
6. Ovqat ratsionidagi oqsil va uglevodlarning o‘simlik va hayvon nisbati me’yorida bo‘lishi kerak.
Sog‘lom insonga kun davomida 4 marta ovqatlanish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, har birimiz taom tarkibini ongli ravishda bilgan holda tanovul qilishimiz zarur. Masalan, oshqozon-ichak kasalliklari bilan og‘rigan odam achchiq, sho‘r taomlardan tiyilishi, har bir yegulik organizmga foyda keltirishi lozim. Sog‘lom inson kun davomida 400-500 gramm non va non mahsulotlarini tanovul qilishi mumkin. Shuningdek, 40 gramm saryog‘ va 20-25 gramm o‘simlik yog‘i istemol qilish tavsiya qilinadi. Yog‘li mahsulotlardan imkon qadar voz kechish lozim. Oqsilga boy mahsulotlarni kunlik ratsionga kiritish maqsadga muvofiq. Oqsil oraganizmda garmonlarni boshqaradi. Garmonlar esa, insonning o‘sishi, rivojlanishiga ijobiy yordam beradi. Oqsilga boy mahsulotlarga go‘sht mahsulotlari, baliq, sut, turli yormalar, dukkaklilar kiradi.
Ayni paytda barchamizda yangi yil kayfiyati hukmronlik qilmoqda. Ayniqsa, uy bekalari yangi yil taomnomasini tuzish bilan band. Aksariyat opa-singillarimiz bayram dasturxoni uchun hazm bo‘lishi qiyin va quyuq ovqatlarni tayyorlashadi.
Taomnoma tuzishda uy bekalarimizga bir qancha maslahatlarimiz bor. Avvalo, oila a’zolaringizga e’tibor bering. Ya’ni sizning oilangizda yosh bolalar, yoshi katta insonlar bormi? Yoki biror kasallik bilan og‘riganlar-chi? Shu savollarga javob topib, keyin ish boshlaganingiz ma’qul. Yaqinlaringiz ko‘proq qanday taomlarni sevib yeydi? Yoki ularga nimalar mumkin va nimalar mumkin emas? Bu kabi savollarga javob topmasdan turib taomnoma tuzish, o‘z bilganicha ovqat tayyorlash natijasida ko‘plab insonlarda bayramdan keyin oshqozon-ichak kasalliklari bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi.
Imkon qadar vitamin va mineral elementlarga boy bo‘lgan, tabiiy mahsulotlardan foydalaning. Mayonez, kalbasa mahsulotlaridan tiyiling. Yana bir e’tiborli jihati shuki, tayyorlayotgan ovqatlarimiz organizmda yengil hazm bo‘lishi kerak. Bayram kunlari go‘shtli taomlarga urg‘u beriladi. Bunday vaziyatlarda go‘shtni qovurish emas, balki qaynatish yoki dimlab pishirish maqsadga muvofiq. Bu kabi taomlar yengil hazm bo‘lib, organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Bundan tashqari, faqat taomlarga emas, ichimlik va shirinliklarga ham alohida e’tibor bering. Gazli va rangli ichimliklarni emas, uy sharoitida tayyorlangan tabiiy sharbatlarni iching. Shokoladli, tarkibida turli kimyoviy elementlar mavjud bo‘lgan disertlar o‘rniga tvorogli yoki qaymoqli shirinliklarni dasturxonga torting.
Bu maslahatlarimizga amal qilsangiz, oila a’zolaringiz va o‘zingizning salomatligingizni mustahkamlagan bo‘lasiz.

Ma’mura XUSINOVA