Yana odimlaydi soat millari,
Hayot sabog‘ini eslatar go‘yo,
Yillar to‘ldiradi umr daftarin,
Bu yolg‘on emas va yoki ro‘yo.

Bu misralarni o‘qishimiz bilan yangi yil shukuhi vujudimizni egallaydi! Ha, 2020-yil nihoyalab borgani sayin yangi yil eshik qoqmoqda.
Dekabr… Qishning ilk oyi. Dekabr boshlanishi bilan ko‘chalarda, istirohat bog‘larida, do‘kon va xonadonlarimizni o‘zgacha kayfiyat egallab oladi, go‘yo. Ayniqsa, jajji bolajonlarning “Oyi, yana necha marta uxlasam yangi yil keladi?”, “Qorbobodan sovg‘a olamanmi?”, kabi savollari takror va takror yangrayveradi. Haqiqatan ham Yangi yil bayrami yosh-u qariga o‘zgacha zavq ulashadi.
Bir dasturxon atrofida butun oila a’zolari jamuljam bo‘lib, yil davomida sodir bo‘lgan barcha voqea hodisalarni esga olishadi. Kelasi yil rejalarini tuzib, ezgu niyatlar ila yangi yilni kutib olishadi.
Bir so‘z bilan aytganda yangi yil oila, yaqinlar davrasida nishonlanadigan bayram. Xo‘sh, bayram mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari davrasida qanday nishonlanmoqda Savolga javob topish maqsadida poytaxtimizdagi 23-sonli Mehribonlik uyida bo‘ldik.
23-sonli Mehribonlik uyi respublikamizda shu tipdagi muassasalarning eng yirigi sanaladi. Yer maydoni 2 gektardan oshiq hududni egallagan. Bu yerda 4 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan turli millat bolalari tarbiyalanadi. Muassasada davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Tarbiyalanuvchilarning maktab o‘quv dasturini to‘liq o‘zlashtirishi, mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish va mustahkamlash, jismoniy kamol topishi, axloqiy hamda estetik jihatdan barkamol shaxslar bo‘lib yetishishi ta’minlanadi.
— Mehribonlik uyimizda 180 nafar bolajon tarbiyalanadi, — deydi muassasa direktori Shahloxon Siddiqxo‘jayeva. — Yangi yil — bolajonlar bayrami. Bu bayramni bolajonlarimiz intizorlik bilan kutishadi. Ayniqsa, pandemiya tufayli ko‘plab ko‘ngilochar dasturlarimiz bekor qilingani bois bu galgi yangi yilni o‘zgacha kayfiyat bilan qarshi olishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Mana, bayramga ham oz fursat qolmoqda. Tarbiyalanuvchilarimiz o‘z qo‘llari bilan yasagan o‘yinchoqlari, bezaklari bilan archani yasatishdi. Kichkintoylarimiz ezgu niyatlari ila qorboboga xatlar yo‘llashgan. Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchi bolalar bir oila bo‘lib har yili yangi yilni nishonlashadi. Bayram dasturi bo‘yicha badiiy chiqishlarini namoyish etishadi. Bolajonlarimizning ko‘zlaridagi quvonchni, yuzidagi tabassumni ko‘rib nogoh bolalikka qaytgandek, oppoq orzular og‘ushida bo‘lgandek his etamiz o‘zimizni. An’anamizga ko‘ra, bolalarimiz kelajakda o‘zini qaysi kasb egasi sifatida ko‘rmoqchi, maqsadi qanday ekanligini yozib, “Orzular qutisi”ga tashlashadi. Bayram o‘tgandan keyin biz murabbiylar orzular qutisini ochib, xatlarni o‘qiymiz. Qo‘limizdan kelgancha bolalarimizning orzularini amalga oshirishga ko‘maklashamiz.
— 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan qizlar guruhiga mas’ulman, — deydi tarbiyachi Nozima Sa’dullayeva. — Oilada qiz bola qanday e’tibor bilan tarbiyalansa, bu yerda biz ham qizlarimizni shunday etibor bilan mustaqil hayotga tayyorlaymiz. Har yili yangi yil bayramida bir oila bo‘lib, taomlarni birgalikda tayyorlaymiz, bayram dasturxonini bezatamiz. Biz murabbiylar soat 12 ga bong urganda ham muassasani tark etmasdan, bolajonlar bilan birgalikda bo‘lamiz. Bolajonlar haqiqiy ma’noda har bir murabbiyning oila a’zosiga aylangan. Shuning uchun ham oila davrasida nishonlanadigan bayramlarni, tug‘ilgan kun bazmlarini haqiqiy oiladek o‘tkazamiz.
— Men 11 yoshdaman, — deydi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Otabek. — Yangi yil bayramini yil davomida kutaman. Chunki bu bayramda aka-ukalarim, opa-singillarim, hammamiz qorboboga va orzular qutisiga xat yozamiz. Archa atrofida oila a’zolarimiz bilan birgalikda qo‘shiq aytib, sovg‘alar olamiz.

Ma’mura XUSINOVA