O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida o‘tib borayotgan yil sarhisob qilinib, istiqboldagi vazifalar aks ettirildi.
Davlatimiz rahbarining parlamentga bu safargi Murojaatnomasi ham keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi. Ayniqsa, yoshlarning quvonchlari cheksiz. Boisi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish, qolaversa, aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan yangi 2021-yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili deb nom berish taklif etilgani biz yoshlarning shijoatiga shijoat qo‘shdi.
Yurtboshimiz 2021-yilda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini samarali amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Jumladan, keyingi yildan oliy ta’lim uchun ajratiladigan grantlar soni kamida 25 foizga oshirilishi, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarning yo‘lga qo‘yilishi zarurligi ta’kidlandi. Oliygohlarga kirish uchun ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar 2 mingtaga yetkazilishi hamda a’lo baholarga o‘qigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalarning joriy etilishi alohida qayd etildi. Bu esa ularni davlat va jamiyat hayotiga yanada ko‘proq jalb etish imkonini beradi. Bundan tashqari, tanlagan oliy o‘quv yurtiga kira olmagan, biroq yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga boshqa istalgan oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirish imkoni berilishi bilimli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash kabi ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Yana bitta muhim tashabbus, xorijiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida butunjahon yoshlar konferensiyasini o‘tkazish va 30 iyulni “Xalqlar do‘stligi” kuni sifatida nishonlanishi e’lon qilindi. Bunday xalqaro hamkorlik yoshlarning o‘zaro tajriba almashish va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkonini beradi.
Prezidentimizning biz yoshlarga bunday imkoniyatlar yaratishi, qo‘llab-quvvatlashi bizga bildirgan yuksak ishonchidan dalolat. Uchinchi renessansning haqiqiy drayverlari bo‘lgan biz, yoshlar ushbu yuksak ishonchni oqlash uchun tinimsiz harakat qilamiz, izlanamiz. Jonajon Vatanimiz taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shamiz.

Nazlimxan ABDIJABBAROVA,
Oliy Majlis Senati huzuridagi
Yoshlar parlamenti a’zosi.

31 thoughts on “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda”

Comments are closed.