ISHBILARMONLIK MUHITINI YAXSHILASH TADBIRKORLARGA IMKONIYAT YARATADI

Ishbilarmonlik muhiti biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini boshlash, yuritish uchun mamlakatda yaratilgan qonuniy shart-sharoitlar, uning qo‘llab-quvvatlanishi, tadbirkorlik faoliyati erkinliklari va kafolatlari majmuasidir.
O‘zbekistonda xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada jadal rivojlanishtirishda qulay ishbilarmonlik muhiti — biznes uchun amaliy shart-sharoitlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘plab farmon va qarorlari, jumladan, 2016-yil 5-oktabrda “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2019-yil 13-martda “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2019-yil 13-avgustda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonlari qabul qilindi. Buning natijasida soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi, biznes va tadbirkorlik uchun soliq yuki qisqartirildi. Litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibida jiddiy o‘zgartirishlar, tadbirkorlarga yer berish tartibini yengillashtirish va uning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida 2020-yil 19-martda “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2020-yil 4-aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2020-yil 27-aprelda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2020-yil 18-mayda “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2020-yil 27-iyulda “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari qabul qilindi.
Pandemiyaning mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlarini yumshatish yuzasidan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi. Joriy yilning 17-iyun holatiga mazkur (10 trln. so‘mlik) jamg‘armaning daromadlari 7,44 trln. so‘mni tashkil etdi, ya’ni jami summaning 74,4 foizi shakllantirildi. Shundan, 7,32 trln. so‘m xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga, 123,5 mlrd. so‘m davlat byudjeti hisobiga shakllantirilib, jami xarajatlar miqdori 3,3 trln. so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning 30-may holatiga 500 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari va 8 million nafardan ziyod fuqaro 30 trln. so‘mga yaqin yoki qariyb 3 mlrd. AQSH dollari (YIMning 6 foizi) miqdorida imtiyoz va preferensiyalar olgan.
O‘z faoliyatini to‘xtatgan va tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragiga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga (2020-yil 31-dekabrga qadar) aylanma soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (keyinchalik 12 oy davomida) va ijtimoiy soliqlarni (keyinchalik 6 oy davomida) foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etildi. Ushbu imtiyozlar qariyb 4 000 ta korxona uchun jami 230 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘larni iqtisod qilinishiga va mazkur mablag‘lar aylanma mablag‘ sifatida ishlatilishiga imkon yaratdi.
Mikrofirma va kichik korxonalar uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) olib kirishda (importda) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 120 kungacha kechiktirish huquqi berildi. Shu yilning 1-mayidan 1-iyuligacha bo‘lgan davrda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytirildi. Mazkur imtiyoz respublika bo‘yicha barcha mikrofirmalar va kichik korxonalarga 550 mlrd. so‘mlik mablag‘larni aylanma mablag‘ sifatida erkin ishlatish imkonini yaratdi. Mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablag‘lari kamayishining oldini olish maqsadida, 2020-yil 15-may holatiga soliq qarzlari va soliq qonunchiligini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarini undirish 1-sentabrgacha to‘xtatildi.
O‘zbekistonda 2020-yilning II choragi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomada 2571 ta kichik korxona va mikrofirma ishtirok etdi. Ularning 554 (21,6%) tasi iqtisodiy vaziyatni qulay deb baholadi. 1523 (59,2%) ta subyekt iqtisodiy vaziyatni qoniqarli deb baholagan bo‘lsa, qolgan 494 (19,2 %) ta subyekt iqtisodiy vaziyatni qoniqarsiz deb baholagan. Ushbu so‘rovnomada ishtirok etgan 16089 ta kichik korxona va mikrofirmaning 3100 (19,3 %) tasi iqtisodiy vaziyatni qulay deb baholadi. 9732 (60,5 %) ta sub’yekt iqtisodiy vaziyatni qoniqarli deb baholadi. Qolgan 3257 (20,2 %) ta sub’yektlar iqtisodiy vaziyatni qoniqarsiz deb baholagan.
Endilikda, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatlarini bosqichma-bosqich qayta tiklash hamda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralarini qo‘llagan holda xavfsiz faoliyat yuritishi uchun quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi:
— xususiy tadbirkorlar uchun xom ashyo resurslaridan foydalanish mexanizmini tubdan qayta ko‘rib chiqish, uni yanada soddalashtirish, ochiq va oshkora bo‘lishini ta’minlash. Buning uchun resurslarni ochiq birja va yarmarka savdolarida sotish hajmini kengaytirish;
— tadbirkorlik subyektlari va xususiy mulk egalari uchun huquq va kafolatlarni qonuniy himoya qilish normalarini kuchaytirish;
— erkin raqobat muhitini va barcha tadbirkorlik subyektlariga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida imtiyoz va preferensiyalarni oqilonalashtirish, ularni ayrim korxonalarga emas, balki alohida ishlab chiqarish va xizmat turlarini rag‘batlantirish maqsadida berish;
— tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga o‘tish va uning nazoratini Bosh prokuraturaga yuklash. Shuningdek, tadbirkorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishda Savdo-sanoat palatasi ishtirokini ta’minlash, halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, nopok tadbirkorlarga nisbatan murosasiz bo‘lish.

Hasan ABULQOSIMOV,
O‘zMU professori,
iqtisod fanlari doktori