“An’anaviy” va “Online” ta’lim: talab har ikkisiga ham bir xil — qat’iy!

Mana, yangi 2021-yilning ilk haftalari ortda qoldi. Bayram ta’tili nihayasiga yetib, ta’lim muassasalarida yana o‘qish boshlandi. Maktablarda o‘quvchilar oldingidek online hamda ofline rejim asosida o‘qishni davom ettirmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida esa jarayon to‘liq an’anaviy shaklda o‘tdi.
Albatta, o‘quvchi va talabalar hamda pedagoglarning sog‘ligini asrash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki atmosferamizda virus hamon kezib yuribdi. Undan himoyalanish uchun karantin qoidalariga qatiy rioya qilishimiz lozim. Bu yo‘l bilan nafaqat o‘zimiz, balki yaqinlarimiz hayotini ham asragan bo‘lamiz.
O‘quvchilar uchun uchinchi chorak eng uzun va hal qiluvchi davrni o‘z ichiga oladi.
— Poytaxtimizdagi mavjud 318 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida dars jarayonlari boshlandi, — deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi matbuot kotibi Erkin Xolboboyev. — Ta’lim jarayonining sifatini oshirish maqsadida an’anaviy darslarga e’tibor qaratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, o‘z navbatida xonadonda og‘ir xastalikka chalinganlar, uzliksiz bemorlik to‘shagiga yotib qolgan oila farzandlari uchun online tarzda dars jarayonlari davom etadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, birinchi va uchinchi chorakda o‘tilmayotgan dars mashg‘ulotlari musiqa, jismoniy tarbiya, tasviriy san’at va tarbiya kabi fanlar ham o‘qitila boshlaydi.
Pandemiya davri hali davom etmoqda. Shu sababli maktab ma’muriyatlari ham karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda mashg‘ulotlarni davom ettirishga harakat qilmoqda. Jumladan, umumta’lim maktablarining kirish qismiga tana haroratini o‘lchaydigan asboblar o‘rnatilgan. Shunday bo‘lsa ham o‘g‘il-qizlardan va ota-onalardan vaziyatga e’tiborliroq bo‘lishlari ta’lab etiladi. Maktabda o‘qituvchi, uyda ota-onalar mavjud vaziyatni to‘g‘ri tushuntirib, salomatlik qoidalarini o‘rgatsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv binosiga kirayotgan har bir talaba va o‘qituvchilarning tana harorati o‘lchanib, qo‘llar antiseptik vositalar yordamida zararsizlantirilmoqda. Karantin qoidalariga ko‘ra, tibbiy niqobda bo‘lmagan shaxslarning binoga kirishi taqiqlanadi. O‘quv xonalarida ham oraliq masofani saqlagan holda dars jarayonlari tashkil qilinmoqda.
Karantin qoidalari saqlangan holda ta’lim jarayonini davom ettirish orqali ta’lim sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
— Niqobni o‘z sog‘ligimiz va atrofdagilarni virusdan saqlash maqsadida taqamiz, — deydi talaba Madina. — Karantin qoidalari saqlangan holda dars jarayonlari boshlandi. Biz bundan xurandmiz. Sababi o‘qituvchini ko‘rib, bevosita muloqotda bo‘lib o‘tilgan dars biz uchun ancha foydali. Albatta, biz, talabalar mas’uliyatni his etgan holda karantin qoidalariga rioya qilamiz.
Afsuski, atrofdagilar va o‘zining sog‘ligiga befarq va belgilangan qoidalarga rioya qilmayotgan talabalarning borligi tabingizni xira qiladi. Butun dunyoda ro‘y berayotgan hodisalarni shu paytgacha to‘la anglab yetmagani, to‘g‘ri xulosa chiqarmayotganini ko‘rib oddiygina afsus deysiz xolos.

Xurshida AHMADJONOVA