O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev joriy yil 12-yanvar kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatining 2020-yil yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida: «O‘z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega bo‘lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi», deya alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, Vatan – har bir qarich yeri aziz, qadrdon va jonajon maskan!
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasida ham «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Mirzoxid Mirzaitov, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi o‘qituvchisi, mayor Tolib Rajabov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar kuchlari faxriysi, iste’fodagi katta serjant Botirali Diykanov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar kuchlari harbiy xizmatchisi, katta serjant Bobomurod Nuratov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Qurolli Kuchlar tizimidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, har tomonlama rivojlangan, bilimdon, xalqiga, Vataniga sodiq yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani, tinch va osoyishta hayotni hamda taraqqiyotimizni asrash, uni har qanday tahdidlardan muhofaza qilishda milliy armiyamizning o‘rni beqiyos ekanligi, mamlakatimizda tinchlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek asrash har birimiz uchun ustuvor vazifa hisoblanishini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, Akademiyaning bir qator harbiy ofitserlariga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali topshirildi.
— Bu yil «Vatanparvarlik oyligi» doirasidagi tadbirlarda buyuk bobomiz Jaloliddin Manguberdining Vatan himoyasidagi jasorati, jangu jadallardagi harbiy mahorati bosh g‘oya sifatida belgilangan, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi o‘qituvchisi, mayor Tolib Rajabov. — Jaloliddin Manguberdi harbiy san’at bobida dovrug‘i yetti iqlimga ketgan bahodir bo‘lgan. Bu yilgi targ‘ibot tadbirlarimizda buyuk bobolarimiz ko‘rsatgan qahramonliklarni yoshlar ongiga singdirish orqali ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, harbiylikka qiziqtirish, yurt oldidagi farzandlik burchini anglatishni maqsad qilganmiz.

Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya o‘qituvchisi, kapitan