Toshkent shahar “Bilim” AKM tasarrufidagi Cho‘lpon kutubxonasida “Imkoniyati cheklangan yoshlar: muammo va yechimlar” mavzusida Olmazor tumani xalq deputatlari kengashi deputatlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda deputatlar, “Шароит плюс” nogironlar jamoat birlashmasi xodimlari, 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati murabbiy va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob olishdi. Immoniyati cheklangan bolalar ta’limida yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Ko‘pchilikka sezilmaydigan ammo, minglab vatandoshlarimiz uchun dolzarbligicha qolayotgan mavzu yuzasidan deputatlar fikr mulohaza yuritishdi.
— Monomarkaz — “Ishga marhamat” band bo‘lmagan aholini jumladan, imkoniyati cheklangan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tashkilotdir, deydi — Olmazor tumani xalq deputatlari kengashi deputati F.X.Karimova. — Bundan tashqari, turli yo‘nalishlarda kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil etish, ishsiz aholini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uyushgan mehnat migratsiyasi va chet elga vaqtincha ishlashga ketayotgan fuqarolarning dastlabki moslashuvida yordam berishdir. Monomarkazning afzalligi shuki, ta’limning yuqori sifati, kasb o‘zlashtirish uchun yaxshi sharoitlar bilan birga mavzu va mutaxassisliklarni mukammal o‘zlashtirishga yordam beradi.
Shuningdek, ochiq muloqotda imkoniyati cheklangan yoshlarning ruhiy kechinmalarini o‘rganib, hayotga bo‘lgan zavqini oshirish maqsadida Olmazor tumanida joylashgan barcha internatlarda psixologik treninglar o‘tkazish to‘g‘risidagi rejalar haqida so‘z bordi. Muloqot so‘ngida tuman AKM fondidagi ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan “Qalbim bilan ko‘ra olaman” nomli Brayl yozuvidagi kitoblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Dilnoza AZIMOVA
Toshkent shahar “Bilim” AKM o‘quv zallari sektor mudiri